Prezident davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

O‘zbekiston 13:05 / 11.05.2019 41362

Davlat-xususiy sheriklik (DXSh) to‘g‘risidagi qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegram kanalida xabar berildi.

Hujjat matni Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasiga joylashtirilgan.

Qonunga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik bu davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun o‘z resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorligi hisoblanadi.

Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi davlat-xususiy sheriklik sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi.

Qonun bilan davlat-xususiy sheriklik taraflarining huquq va majburiyatlari belgilab berildi.

Davlat-xususiy sheriklik loyihasi davlat organi (tashkiloti) va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkor yoxud yuridik shaxs tomonidan tashabbus qilinishi mumkin.

Davlat sherigi tender yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijalari bo‘yicha aniqlanadigan xususiy sherik bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida bitim tuzadi. 

Tender mezonlari aniq bo‘lishi va unda kamsituvchi qoidalar bo‘lmasligi kerak.

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddati uch yildan kam bo‘lmasligi va qirq to‘qqiz yildan oshmasligi kerak.

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning taraflari o‘z majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgar bo‘ladi.

Agar keyingi qonun hujjatlari davlat-xususiy sheriklik obektiga investitsiya kiritish shartlarini yomonlashtirsa, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim tuzilgan sanadan e'tiboran o‘n yil mobaynida xususiy sherikka nisbatan bitimni tuzish sanasida amalda bo‘lgan qonun hujjatlari qo‘llaniladi.

Ushbu qonun bir oydan so‘ng kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: