DSQ tadbirkorlarga 1 kunlik savdo tushumidan kelib chiqqan holda qo‘shimcha hisoblangan soliqlarini to‘lash haqida talabnoma jo‘nata boshladi

O‘zbekiston 11:44 / 11.05.2019 23213

Davlat Soliq Qo‘mitasining (DSQ) Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan korxona va tashkilotlarga 1 kunlik savdo tushumidan kelib chiqqan holda qo‘shimcha hisoblangan soliq to‘lovlarini to‘lash haqidagi talabnoma jo‘natila boshlandi. Bu haqda Kun.Uz muxbiri xabar bermoqda.

Soliq kodeksining 70-moddasiga va «Tovarlarni (ishlar va xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni xronometraj ko‘zdan kechirishni o‘tkazish hamda kamaytirilgan tushum summasidan soliqlarni hisoblab chiqarish  tartibi to‘g‘risidagi Nizom»ga muvofiq, shu yilning yanvar-fevral oylarida barcha korxona va tashkilotlarning savdo shoxobchalarida xronometraj kameral nazorat o‘tkazilgan edi. Unda soliq inspeksiyasi xodimlari 1 kunlik savdo tushumi miqdorini aniqlab olishgan edi.

Nizomning 6-bobidagi «Xronometraj ko‘zdan kechirish natijalari bo‘yicha soliqlarni hisoblab chiqish tartibi»ga muvofiq, yuridik shaxslarga aniqlangan tafovutlarni bartaraf qilish va qo‘shimcha hisoblangan soliqlarni to‘lash talabi qo‘yilgan. 

Misol uchun, xronometraj o‘tkazilgan kuni shoxobchadagi savdo tushumi shartli 3 million so‘mni tashkil qilsa, 2019 yil 1-choragida 72 ish kuni borligini inobatga olinib, 3 000 000 x 72 = 216 000 000 so‘m, ya'ni talabnomada 1-chorakdagi savdo aylanmasi kamida 216 million so‘m bo‘lishi kerak deb belgilangan va barcha soliqlar mana shu raqamdan kelib chiqqan holda qo‘shimcha hisoblangan. 

DSQ xatda yuridik shaxslardan aniqlangan tafovutlardagi soliq to‘lovlari bo‘yicha aniqlashtirilgan moliyaviy va soliq hisobotlarini taqdim etib, qo‘shimcha hisoblangan soliq to‘lovlarini to‘lash yoki ushbu masalada munosabat bildirish talabini qo‘ygan. 

Agar talablar bajarilmasa, Soliq kodeksining 70-moddasiga asosan, qo‘shimcha hisoblangan soliq to‘lovlarini majburiy undirish uchun sudga da'vo arizasi yuborilishi, 96-moddasiga asosan, xizmat ko‘rsatuvchi banklardagi hisob-varaqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish choralari ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: