«Davr bank» aldangan omonatchilarga pullarni qaytarib bera boshladi

O‘zbekiston 15:50 / 11.05.2019 15921

11 may kuni ertalab «Davr bank»ning Uchtepa filiali mijozlariga turli vaqtlarda qabul qilingan, ammo hisob varag‘iga yozilmagan pullarni qaytarib bera boshladi. Bu haqda Nuz.uz nashri xabar berdi.

Zarar ko‘rgan omonatchilarning so‘zlariga ko‘ra 9 may kuni bank ularga pullar qaytarib berilishi xabar yo‘llagan. Markaziy bank fuqarolar murojaatiga ko‘ra ro‘yxat tuzgan va uni «Davr» bank boshqaruvchisiga taqdim etgan.

«Yaqindagina biz bank xodimlariga pasportimizdan nusxa va bank kassasiga qilgan to‘lovimizning kvitansiyasini qoldirdik. Bugun ertalabdan bank biz bilan shartnoma tuzdi. Soat 11ga yaqin bizning pulimizni qaytara boshladi», — deydi bank omonatchilaridan biri Saodat To‘raxonova Nuz.uz muxbiriga.

Eslatib o‘tamiz, 7 may kuni «Davr bank»ning Uchtepa filiali kassiri va kredit bo‘limi xodimi katta miqdordagi summani o‘marishda gumon qilinib, qo‘lga olingani haqida xabar tarqalgandi. Toshkent shahar IIBB ma'lumotida 20 nafardan ortiq jabrlanuvchilardan ariza kelib tushgani, aldangan omonatchilarning soni kundan-kunga oshib borayotgani aytildi. Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIB FMB tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi (Firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

1 may kuni ularga ayblov e'lon qilingan va o‘sha kunning o‘zida ayblanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi tomonidan hibsga olish ko‘rinishidagi ehtiyot chorasi qo‘llash ajrimi chiqarilgan. Hozirda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.

O‘z navbatida bank boshqaruvchisi bu voqeaga bankning aloqasi yo‘qligini hamda tergov tugamagunicha hech kimning puli yo‘qolib qolmasligini, chunki jabr ko‘rganlar bank mijozlari emasligini ma'lum qilgandi.

Bank boshqaruvchisi va huquqshunos fuqarolarga huquqni himoya qilish organlariga murojaat qilishlarini tavsiya qilgandi.

8 may kuni Markaziy bank «Davr bank» XATB Uchtepa filiali xodimlarining xatti-harakatlari bo‘yicha fuqarolardan kelib tushayotgan e'tirozlar bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, agar «Davr bank» zarar ko‘rganlarga o‘z omonatini qaytarmasa bank va uning rahbariyatiga qat'iy sanksiyalar joriy etilishi haqida ogohlantirildi.

Markaziy bank ushbu masalaga «Davr bank» XATB rahbariyatining e'tiborsizligi, shu jumladan, filial mansabdor shaxslarining fuqarolarga qo‘yayotgan «jinoyat sodir etishga ularning o‘zlari sharoit yaratgan» kabi ayblovlarini noo‘rin deb hisoblagan va bu holatlar bank aksiyadorlaridan bank rahbarlarini almashtirishni talab qilishga sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etgandi.

Ko‘proq yangiliklar: