Pullik yo‘llar shahar ichidagi tirbandliklarga yechim bo‘la oladimi?

O‘zbekiston 12:30 / 10.05.2019 11369

2019 yil 29 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi. Ushbu hujjatga ko‘ra, yaqin yillarda «Toshkent–Andijon» va «Toshkent–Samarqand» yo‘nalishlari bo‘ylab pullik avtomobil yo‘llari qurilishi belgilandi, deb yozadi Sa'dullo Tursunov «Mahalla» gazetasida. Maqola O‘zA'da e'lon qilingan.

Qachon? Qayerda?

Rejaga ko‘ra, «Toshkent–Andijon» pullik yo‘li qurilishi bo‘yicha 2019 yilning iyun oyida Jahon banki bilan konsultatsiya xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha bitim tuzish ko‘zda tutilgan. Qurilish tenderi g‘olibini e'lon qilish va u bilan bitim tuzish muddati 2020 yilning dekabr oyiga mo‘ljallangan. Mazkur loyiha 2021 yilning avgust oyida boshlanishi rejalashtirilmoqda.

Ikkinchi yo‘nalish — «Toshkent — Samarqand» pullik yo‘li qurilishi Turkiyaning «Cengiz Enerji Sanayii ve Ticaret A.S», «KaneH» va «Komm» kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Loyiha joriy yilning IV choragida boshlanishi va 2021 yil yakunida foydalanishga topshirilishi lozim.

Pullik yo‘llar — qanday yo‘llar?

Pullik yo‘l — haydovchilar haq to‘lab foydalanadigan yo‘llarga aytiladi. Bunday yo‘llardan foydalanganlik uchun to‘lanadigan mablag‘ uni ta'mirlash va saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qoplash uchun sarflanadi. Tijoriy yo‘llarning davlat yo‘llaridan asosiy farqi shundaki, bunday yo‘nalishlarda foydalanuvchilar va ularning avtoulovlariga yuqori sifatda xizmat ko‘rsatiladi. Qolaversa, pullik yo‘llarda harakatlanish tezligi yuqori bo‘ladi.

Xalqaro tajriba o‘rganiladi

Tan olish lozim, hozir bizda bu borada yetarli tajriba va sohani tartibga soluvchi huquqiy asos yo‘q. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2007 yil 2 oktyabrdagi «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonunida ham mazkur masala qonunshunoslarimiz e'tiboridan chetda qolgan. Shu bois bugun yurtimiz mutaxassislari Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston kabi mamlakatlarning sohada to‘plagan tajribalari, amaldagi qonunchiligini chuqur o‘rganmoqda. Chunki bu — juda muhim masala. Agar huquqiy asos yaratilmas ekan, biror yutuqqa erishish qiyin.

Pullik yo‘llar qurishning tartib va qoidalari qanday?

— Eng birinchi muhim qoida – sohani tartibga soluvchi qonunchilik bazasi bo‘lishi shart, — deydi Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti «Avtomobil yo‘llarini qurish va ekspluatatsiya qilish» kafedrasi mudiri, texnika fanlari nomzodi, dotsent Asliddin O‘roqov. — Masalan, ertaga biror ishbilarmon pullik yo‘l qurish uchun O‘zbekistonga investitsiya kiritmoqchi deylik. Xo‘sh, u nima qiladi? Eng avvalo, ushbu mamlakatda huquq va manfaatlarini himoya qiladigan qonunlarni o‘rganadi. Agar bunday baza bo‘lmasa-chi? Unda o‘z-o‘zidan tadbirkor loyihadan voz kechadi. Boisi har qanday ishbilarmon biror davlatga investitsiya kiritishdan avval o‘sha yurtda uning huquqiy manfaatlari, yo‘naltirgan mablag‘i to‘liq himoya qilinishini istaydi. Afsuski, bugun bizda bunday qonun mavjud emas. Shu bois ayni kunlarda qonunshunoslarimiz tomonidan sohani tartibga soluvchi huquqiy me'yorlar ishlab chiqilmoqda. Yana bir muhim qoida — pullik yo‘llardan foydalanish haydovchi uchun har doim ixtiyoriy bo‘lishi, bunday yo‘nalishlarda parallel ravishda, albatta, muqobil davlat yo‘llari, ya'ni bepuli ham bo‘lishi shart. Chunki davlat yo‘llariga soliq to‘layotgan fuqaro nima uchun yana pul sarflab yo‘ldan foydalanishi kerak?! Qolaversa, biror yo‘nalishda faqat pullik yo‘l bo‘lsa-yu, avtomobili bor, ammo mablag‘ to‘lashga imkoniyati yo‘q inson manzilga qanday yetib oladi? Shuningdek, davlat yo‘llarining sifati pullisiga juda yaqin bo‘lishi zarur. Davlat yo‘li sifatsizligi bois, haydovchi o‘zi va avtomobilining xavfsizligi hamda uzoq vaqt yo‘qotishini o‘ylab tijoriy yo‘ldan yurishga majbur bo‘lsa, xalqaro talablar buzilgan, foydalanuvchining huquqlari esa poymol qilingan hisoblanadi. Aytmoqchimanki, davlat nazoratidagi yo‘llarni tartibga keltirmay turib, pullik yo‘llarni qurib bo‘lmaydi. Yana bir muhim sharti shuki, tijoriy yo‘llar orqali manzilga yetib olish vaqti davlatniki bilan unchalik farq qilmasligi lozim.

Haydovchi va yo‘lovchiga qanday qulayliklar yaratiladi?

— Eng asosiy qulaylik, bu — yuqori tezlik, harakatning erkinligi, — deydi Asliddin O‘roqov. — Agar pullik yo‘llar avtomagistral maqomida qurilgan bo‘lsa, u holda harakatda minimal tezlik cheklanadi, yuqorisi esa aksincha. Ya'ni avtomagistral yo‘llarga sekin harakatlanadigan avtomobillar qo‘yilmaydi. Shuningdek, pullik yo‘llarda harakat ishtirokchilariga servis xizmatlari sifatli tashkil etiladi. Yo‘l tekis, ravon, yuqori tezlik va o‘tkazuvchanlik qobiliyati bo‘ladi. Avtomobillarga yoqilg‘i quyish va yuvish shoxobchalari, ustaxonalar uzluksiz ishlaydi. Yo‘l bo‘yi mintaqa ko‘kalamzorlashtirilib, mikroiqlim, arxitektura-landshaft dizayni yaratiladi. Chunki haydovchi yo‘lda ketayotganda yon-atrofdan estetik zavq olishi, jismonan va ruhan toliqib qolmasligi, eng asosiysi, keyinchalik ham bunday yo‘nalishdan foydalanishni ixtiyoriy tanlashi lozim. Qolaversa, pullik yo‘llar chetida ovqatlanish shoxobchalari, kafe va restoranlar, qisqa va uzoq muddat hordiq chiqarishga mo‘ljallangan kemping markazlari, motellar, sport maydonchalari, cho‘milish havzalari, hojatxonalar quriladi. Ammo bu – bepul yo‘llarda haydovchilarga umuman qulaylik bo‘lmasligi kerak, degani emas.

To‘lov qanday amalga oshiriladi?

Pullik avtomobil yo‘lidan foydalanish «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun asosida tartibga solinadi. Bunday yo‘nalishdan imtiyozli foydalanish huquqini berish sheriklarning ikki tomonlama kelishuvi asosida belgilanadi. Haydovchi yo‘l taloni, to‘lov punktida to‘lovni amalga oshirish, avtomatik to‘lov kabi bir nechta usullardan foydalanishi mumkin. Buni kirish punktida tashkil etilgan sharoitdan kelib chiqib, mijozning o‘zi tanlaydi.

Pullik yo‘llar shahar ichidagi tirbandliklarga yechim bo‘la oladimi?

Bugun Toshkent shahri va bir nechta viloyat markazlaridagi avtomobil yo‘llarida kunning ma'lum vaqtlarida katta tirbandliklar yuzaga kelmoqda. Xo‘sh, bu muammoni pullik yo‘llar orqali bartaraf etish mumkinmi?

— Albatta. Ammo bu unchalik to‘g‘ri yechim emas, — deydi texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Abduvohid Yunusov. — Misol uchun, hozir poytaxtimiz yo‘llarida kuzatilayotgan tirbandliklarga e'tibor bersak, muammo sun'iy ravishda sodir bo‘layotganini ko‘rishimiz mumkin. Ya'ni yo‘llarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatidan unumli foydalanilmayapti. Qolaversa, tirbandliklar, asosan, chorrahalarda bo‘lmoqda. Bu muammoni esa o‘sha joyga 2 yoki 3 qavatli yo‘l o‘tkazgichlarni qurish orqali ham hal qilsa bo‘ladi. So‘nggi yillarda poytaxtimizda bunday inshootlar bunyod etilgan chorrahalardagi transportlarning harakati bir maromga tushgani so‘zimiz isboti, albatta.

Xulosa

Pullik yo‘llar qurilishi, ayniqsa, turizm sohasi rivojlanishiga katta turtki beradi. Ko‘plab odam xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida doimiy ish bilan ta'minlanadi, mamlakat iqtisodi yuksaladi. Qolaversa, bu qulaylik haydovchilarga tanlash imkonini taqdim etadi.

Ko‘proq yangiliklar: