Prezident: «Buyuk tariximizni, allomalarimiz merosini xalqimizga, yoshlarimizga to‘liq yetkazib berolmadik»

O‘zbekiston 14:35 / 10.05.2019 14868

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 may kuni poytaxtdagi Suzuk ota majmuasiga tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Shu yerda diniy ulamolar, nuroniylar bilan suhbat bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari ularni Ramazon oyi bilan yana bir bor tabriklab, yangilangan majmuaning shunday ulug‘ ayyom kunlarda ochilishi xayrli ekanini ta'kidladi.

- Boshqa davlatlar yo‘q tarixini bor qilishga harakat qiladi. Biz buyuk tariximizni, allomalarimiz merosini xalqimizga, yoshlarimizga to‘liq yetkazib berolmadik. O‘zligimizni anglash nuqtai nazaridan shunday joylarga e'tibor bersak, bunga hamma e'tibor qaratadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Ma'lumki, Suzuk ota o‘ymakor usta bo‘lgan. Bugun uning qadamjosi atrofida hunarmandchilik uylari tashkil etilgani chuqur mazmun-mohiyat kasb etdi. Ikki qavatli bu xonadonlarning birinchi qavati ustaxona va do‘kon uchun ajratilgan. Bu o‘ziga xos hunarmandchilik markazi bo‘lib, majmua bilan birga noyob turizm maskaniga aylanadi.

Prezident ushbu uylarni, yog‘och qirmachilik va xattotlik ustaxonalarini kirib ko‘rdi.

- Hunarmandchilik – halol kasb. Bugungi kunda eng katta vazifamiz – ish joylari yaratish. Hunarmandlarga sharoit yaratsak, ham o‘zini boqadi, ham boshqalarni ish bilan ta'minlaydi. Shogirdlar tarbiyalasa, qancha yoshlar hunarli bo‘ladi, o‘z tadbirkorligini ochib, daromad topadi, - dedi davlat rahbari.

 

Ko‘proq yangiliklar: