Facebook ijtimoiy tarmog‘i asoschilaridan biri Kris Xyuzning ma'lum qilishicha, ijtimoiy tarmoq hozirgi rahbari Mark Tsukerberg hukumat yoki xususiy sektordagi istalgan odamga qaraganda ko‘proq ta'sir o‘tkazish imkoniga ega. Xyuzning The New York Times’da yozishicha, AQSh hukumati Tsukerbergni javobga chaqirishi hamda Facebook monopoliyasini to‘xtatishi kerak.
«Hukumat Markni javobgarlikka tortishi lozim. Qonun chiqaruvchilar juda ko‘p vaqt davomida Facebook’ning portlovchi o‘sishidan hayratlanishdi va amerikaliklar hamda bozorlar raqobatdoshligini himoya qilish borasidagi o‘z mas'uliyatlarini e'tiborsiz qoldirishdi», - deya ma'lum qildi Xyuz.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tsukerberg Facebook’ning ovoz berish imkonini taqdim etuvchi 60 foiz aksiyalarga egalik qiladi va foydalanuvchilar qaysi xabarlarni ko‘rishiga ta'sir ko‘rsatuvchi algoritmlar, qanday sozlamalarni o‘rnatish hamda qaysi xabarlar oluvchiga yetib borishini shaxsan o‘zgartirishi mumkin.
Facebook asoschilaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Tsukerberg nafaqat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uchun qoidalarni belgilamoqda, balki sotib olish, to‘sish yoki nusxalash orqali «raqiblarini yopishi» ham mumkin.
Xyuz Facebook jamoasida 2004 yildan beri bo‘lgan, 2007 yilda Barak Obamaning saylovoldi kampaniyasiga qo‘shilish uchun loyihani tark etgan. Xususan, u siyosatchining sayti ustida ishlagan va ijtimoiy axborot kampaniyasini o‘tkazgan.