Germaniyada Ikkinchi jahon urushi vaqtida halok bo‘lgan o‘zbeklar xotirasi abadiylashtiriladi

Jamiyat 13:32 / 08.05.2019 6186

O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi 9 may - Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm harbiy lagerlarida halok bo‘lgan o‘zbek askarlari to‘g‘risida ma'lumotlar yig‘ish, qabrlarini topish va ro‘yxatini aniqlash bo‘yicha faol ish olib bormoqda.

Kun.uz muxbiri Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi tomonidan tashkil etilgan media-tur doirasida Germaniyadagi O‘zbekiston elchixonasida bo‘lib xabar berishicha, Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yeri Detmold rayonining Shtukenbrok shaharchasida  joylashgan «Shtalag  326» - harbiy asirlarga oid ma'lumotlar markazi va muzeyi bilan yaqin aloqalar o‘rnatildi. 

Ushbu markazdagi mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, 1941-1945 yillarda bu yerda barpo etilgan lagerga keltirilgan 42 000 harbiy asirlar orasida 360 nafar o‘zbek askarlari bo‘lgan. Ulardan 35 nafari «Shtukenbrok» qabristoniga umumiy holda dafn etilgan. Qolgan vatandoshlar haqida hozircha ma'lumot mavjud emas.

Xotira va qadrlash kuni arafasida, joriy yilning 7 may kuni O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi N.Qosimov «Shtukenbrok» harbiylar qabristoniga dafn etilgan vatandoshlarning xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida bu yerga tashrif buyurdi va ularning ruhi uchun duo qilib, gulchambar qo‘ydi.

«Shtalag 326» markazi ijrochi direktori O.Nikel bilan suhbat chog‘ida ushbu harbiylar qabristonida mangu orom topgan yurtdoshlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida yodgorlik toshi o‘rnatish masalasi ham muhokama etildi.

Uchrashuv chog‘ida birgalikda tegishli hujjatlarni tayyorlashga va barcha tashkiliy masalalarni hal etib, kelgusi yil may oyida o‘zbek harbiylari dafn etilgan mazkur qabristonga xotira toshi qo‘yish masalasida kelishib olindi.

O.Nikel O‘zbekistonda har yili 9 mayni Xotira va Qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotgani, urushda halok bo‘lganlarning xotirasini abadiylashtirish borasida juda muhim tadbir ekanini ta'kidladi: 

«Bizning markaz urush yillarida bu yerda barpo etilgan lagerdagi harbiy asirlarning shaxslarini aniqlash bo‘yicha ish olib boradi. Harbiy asirlarga oid ma'lumotlar jamlanmasini shakllantirish maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda arxiv materiallari ustida doimiy ish olib boramiz. «Shtukenbrok» qabristoniga dafn etilgan juda ko‘plab harbiylarning tug‘ilib o‘sgan manzillarini aniqlab, qarindoshlarini xabardor qilamiz. Ular har yili bu yerga kelib, yaqinlarining xotirasini yod etishadi. Shuningdek, markazda tashkil etilgan muzeyda harbiy asirlarning buyumlari, ular haqida ma'lumotlar joylashtirilgan. Bu yerga maktab o‘quvchilari, yoshlar, mehmonlar tez-tez tashrif buyurishadi.  Yurtingizda 9 may Xotira va qadrlash kuni sifatida bayram qilinishi tahsinga loyiqdir. Bu yerda dafn etilgan o‘zbek askarlarining qarindoshlarini topishda bizdagi ma'lumotlar yordam beradi, deb o‘ylayman. Qolaversa, elchixonangizni o‘z vatandoshlari xotirasiga yodgorlik toshi qo‘yish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, uni amalga oshirishda ko‘maklashishga tayyor ekanimni bildirmoqchiman». 

Uchrashuv so‘ngida «Shtalag 326» markazidagi mavjud arxivdan o‘zbek harbiy asirlari ro‘yxati, ularga oid saqlanib qolgan hujjatlardan nusxalar olindi. Aksariyat qismi sarg‘ayib ketgan ushbu hujjatlarda vatandoshlarning rasmlari, ularning shaxsiga oid ma'lumotlar ifoda etilgan. Ayrimlaridan misollar keltiramiz:

- Safarov Nurali, 1912 yilda tug‘ilgan, bo‘yi 160, oddiy askar, kasbi – dehqon, otasi – Safar, onasi – Qunduz, manzili – O‘zbekiston SSR, Buxoro viloyati, s.Bekmarov. 1943 yil 5 martda vafot etgan;

- Ro‘zmetov Abdurahmon, 1918 yil 3 martda tugilgan, bo‘yi – 180, oddiy askar, kasbi – dehqon, otasi – Ro‘zmat, onasi -  Ziyoda, manzili – Toshkent viloyati, st.Tarkana. 1944 yil 9 iyulda vafot etgan.

 

Ko‘proq yangiliklar: