Chempionlar ligasida mo‘jiza davom etadi. «Liverpul» «Barselona»ni qanday tuzoqqa tushirgani haqida

Sport 10:20 / 08.05.2019 44613

Inglizlar safardagi 0:3 hisobidagi vaziyatdan keyin katalonlarga qarshi mardonavor harakat qilishdi va 4:0 hisobida g‘alaba qozonib, qatorasiga ikkinchi yil finalga chiqishdi.

Chempionlar ligasi. 1/2 final. Javob o‘yini
«Liverpul» (Angliya) – «Barselona» (Ispaniya) – 4:0
(1:0)
Gollar: Origi, 7 (1:0). Veynaldum, 54 (2:0). Veynaldum, 56 (3:0). Origi, 79 (4:0).
«Liverpul»: Alisson, Aleksandr-Arnold, Matip, van Deyk, Roberson (Veynaldum, 46), Fabinyu, Henderson, Milner, Shaqiri (Starrij, 90), Mane, Origi (Gomes, 85).
«Barselona»: ter Shtegen, Serji Roberto, Langle, Pike, Jordi Alba, Vidal (Artur, 75), Buskets, Rakitich (F.Malkom, 80), Messi, Suares, Koutinyu (Semedu, 60).
Ogohlantirishlar: Fabino, 11. Buskets, 45+1. Rakitich, 53. Matip, 66. Semedu, 75.
Hakam: Junayt Chaqir (Turkiya).
7 may. Liverpul. «Enfild» stadioni.
Birinchi o‘yin – 0:3.

Valverde muammosiz Liverpulga keldi
«Liverpul»ning yulduzli oqshomi bu safar hamishagidek yorqin porlamayotgandi - Yurgen Klopp bu o‘yin arafasida safdan chiqqan Saloh va Firmino o‘rnini to‘ldirish haqida bosh qotirishiga to‘g‘ri kelayotgandi. Misrlik va braziliyalik yulduzlar o‘rnini Origi va Shaqiri egalladi. Ernesto Valverdeda esa tarkib bilan bog‘liq muammo yo‘q edi - «Enfild»da bir hafta muqaddam «Kamp Nou»dagi o‘yinni boshlang‘ich tarkibda boshlagan futbolchilar saf tortishdi - murabbiy Ispaniya chempionatida «Selta»ga qarshi natijasi ahamiyatsiz o‘yinga ikkinchi tarkibni tushirib, asosiy futbolchilarga dam olish uchun sharoit muhayyo etgandi.

Mezbonlarning faolligi

O‘yinning ilk daqiqalaridayoq Kataloniyadagi yirik hisob unutilgani va bu endi hech bir ahamiyatga ega emasligi ko‘rina boshladi. «Liverpul» ustozi o‘yin avvalida aytganidek, jamoa agar kerakli natijaga erisha olmasa ham, turnirni chiroyli tark etishga harakat qilardi. 

O‘yinning ilk daqiqalaridayoq mezbonlar qanday ishtiyoq bilan maydonga tushishganini Roberson gazonda o‘tirgan Messining boshini qo‘llari bilan majaqlagudek bo‘lib o‘tganida ham ko‘rish mumkin edi. U buyuk futbolchiga xuddi o‘rinbosarlar tarkibidagi bolakaydek muomala qildi.

Buning ortidan Vidalning xatosi mehmonlar darvozasi oldida ilk hujum uyushtirilishiga olib keldi, xavfli uzatmani Alba maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.

Origining goli
Ammo 7-daqiqadayoq ko‘k-anorranglilarning chap qanot himoyachisining qo‘pol xatosi golga olib keldi - Alba boshi bilan o‘z sherigiga to‘p uzatganida unga Mane ega chiqdi va u to‘pni maydon markazidan raqib jarima maydoniga yorib kirgan Hendersonga uzatdi, mersisaydliklar sardorining zarbasini Ter Shtegen bir amallab qaytardi, ammo qaytgan to‘pga yetib kelgan Divok Origi to‘pni osonlik bilan darvoza to‘riga joylab qo‘ydi. «Liverpul» o‘zidan talab qilingan birinchi ishni uddaladi - o‘yin boshidayoq tezkor gol urildi.

Manening yiqilishi
«Barsa» kuchli zarbani o‘tkazib yuborgan bokschidek harakat qila boshladi. Vaziyatlardan birida Serji Roberto o‘z darvozaboniga sekinlatib to‘p o‘zatdi, bu to‘pni mezbonlar hujumchisi Mane egallab olishiga bir baxya qoldi, u darvozabon bilan to‘qnashuvdan keyin yiqilib penalti so‘radi, hakamning hushtagi chalinmadi.

Alisonning seyvlari

Foto REUTERS

O‘yinning ilk choragi o‘tganidan keyin kataloniyaliklar ham hujumga o‘ta boshlashdi. Lekin Alisson raqib hujumlarini birin-ketin bartaraf etdi. Avvaliga Messining kuchli zarbasi yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lgan braziliyalik posbon ko‘p o‘tmay Koutinoning pastlatib burchak tomon yo‘llagan ayyorona zarbasiga barmoqlari uchi bilan yeta oldi. Bo‘lim oxirida esa Alba juda qulay imkoniyatga ega bo‘ldi, Messi uni darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqardi, ammo bu duelda ham Alisson ustun keldi. 

Qayd etish kerakki, «Barselona» futbolchilari bu o‘yinda Messining sehriga haddan tashqari ko‘p ishonib yuborishdi. 16-daqiqada mehmonlar tezkor qarshi hujumga chiqishdi va bu vaziyatda kuchlar nisbati 4ga 2 edi, ammo to‘pga zarba berish o‘rniga uni negadir Messiga uzatishdi, «Kamp Nou»dagi birinchi o‘yindan keyin tinimsiz tanqid qilingan Virjiyl van Deyk esa Messini to‘xtata oldi. Boshqa vaziyatlarda ham Messi shunchaki noaniq zarbalar beraverdi. 

Kloppning hal qiluvchi almashtirishi
Mehmonlar o‘z imkoniyatlaridan foydalana olishmadi - «Liverpul» esa ter Shtegen darvozasi oldida xavfli vaziyatlar sodir etish uchun har qanday imkoniyatdan foydalanishga harakat qildi: Hendersonning zarbasini Pike o‘ziga qabul qilib oldi, Robersonning harakatlarini esa germaniyalik darvozabon yo‘qqa chiqardi. Birinchi bo‘limda zarbalar berish bo‘yicha ko‘rsatkich 7:5 ko‘rinishini oldi (aniq zarbalar bo‘yicha 3:3).

Jamoalar tanaffusga mezbonlarning minimal hisobdagi ustunligida yo‘l olishdi, ammo tanaffus arafasida Klopp majburiy o‘zgartirish amalga oshirishga majbur bo‘ldi - birinchi bo‘limning eng faol futbolchisi Roberson jarohat olib, o‘rnini Veynaldumga bo‘shatib berishga majbur bo‘ldi.

Ikki daqiqa ichida dubl
Ikkinchi bo‘limni jamoalar xavfli vaziyatlar almashish bilan boshlashdi. Burchak zarbasi ijro etilgan vaqtda van Deyk darvozaga orqa qilib turib tovoni bilan bergan zarbasi Ter Shtegenning qo‘llariga borib tushdi, Suares esa Alissonni dog‘da qoldirolmay, navbatdagi imkoniyatini ko‘kka sovurdi.

Kelib chiqishiga ko‘ra surinamlik bo‘lgan niderland Veynaldum esa dubl qayd etdi: avvaliga Aleksandr-Arnold o‘ng qanotda Albadan osonlik bilan to‘pni olib qo‘yib, jarima maydoniga pas uzatdi - to‘p rikoshet oqali Veynaldumga yetib bordi va mezbonlar ikkinchi golni ham urishdi.

Ikki daqiqa o‘tib esa Shaqiri chap qanotdan darvozabon maydonchasi hududiga yuqorilatib to‘p oshirdi - Pike va Langle bir-biriga ishonib to‘pga sakramadi, Veynaldum esa boshi bilan ikkinchi golini urdi - endi tabloda o‘yindan oldin deyarli hech kim o‘ylamagan hisob porlab turardi. «Enfild» esa qaynayotgan qozonga aylangandi, «Barsa» ustida «Roma» sharpalari aylana boshladi.

O‘ziga xos qaror

Foto REUTERS

Valverde o‘tni o‘chirishga urina boshladi - maydonda Vidal va Koutino o‘rnida Samedu va Artur paydo bo‘ldi, ammo 79-daqiqada «Barsa» mezbonlar qopqoniga tushdi.

Birinchi epizod. Daqiqa: 77.58 – 78.03. Hisob «Liverpul» foydasiga 3:0. 20 yoshli Trent Aleksander-Arnold o‘ng qanotda hujum uyushtirdi. Unga Serji Roberto qarshilik qildi. Angliyalik futbolchi raqibni aldab o‘tishga harakat qilmadi, u uzatmani shunday amalga oshirdiki, xuddi to‘p raqibga tegib, burchak to‘pi ishlashni istagandek. Xuddi shunday bo‘ldi ham.

Ikkinchi epizod. Daqiqa: 78.03 – 78.09. Reklama shitiga tekkan to‘p maydonga qaytdi. Darvozabon chizig‘ida turgan Divok Origi uni bollboy tomonga qarata tepdi.

Uchinchi epizod. Daqiqa: 78.05 – 78.06. Bollboy bu vaqtda Aleksandr-Arnoldga boshqa to‘p uzatgandi – «Liverpul» futbolchilari burchak zarbasi ijro etishlari uchun.

To‘rtinchi epizod. Daqiqa: 78.09 – 78.11. Aleksander-Arnold to‘pni burchakka o‘rnatdi. Raqiblar to‘pdan kerakli masofada - 9,15 metrdan uzoq masofada turgandi. Ya'ni, barchasi qoida bo‘yicha ketayotgandi.

Beshinchi epizod. Daqiqa: 78.12. Aleksander-Arnold to‘pni sektorga o‘rnatgach, to‘pni o‘yinga kiritishni boshqa sherigiga qoldirgandek, burchakdan uzoqlasha boshladi.

Burchak zarbasini ijro etish uchun Jyerdan Shaqiri yo‘l oldi. Ammo bir necha qadam tashlagan britaniyalik yosh futbolchi «Barselona» futbolchilari hali himoya pozitsiyalarini egallashmaganini ko‘rdi – katalonlar unga orqa o‘girib turishar va bir-birlari bilan gaplashishayotgandi, ular burchak zarbasi amalga oshirilishiga tayyor emasdilar. Serji Roberto burchak zarbasi ijro etilishiga bir necha soniya borligida Jordi Albaga barmog‘i bilan Aleksander-Arnoldga yaqinlashishni ko‘rsatdi va o‘zi o‘girilib jarima maydoniga xotirjam yo‘l oldi.

Oltinchi epizod. Daqiqa: 78.13 – 78.15. Aleksander-Arnold Origi hali ham darvoza yaqinida turganini ko‘rdi va keskin o‘girilib burchakda turgan to‘pni unga uzatdi. Belgiyalik hujumchi bir zarba bilan to‘pni ter Shtegenning uzoq burchagiga yo‘naltirdi va «Barselona»ni Chempionlar ligasidan chiqarib yuboruvchi golni urdi. 4:0!

«Barsa»ning bu vaziyatni sezib qolgan yagona futbolchisi Jyerar Pike edi, u Origiga xalal berish uchun tashlangandi, ammo ulgurmadi. Mark-Andre ter Shtegen esa Aleksander-Arnold «Barselona» uchun hal qiluvchi uzatmani amalga oshirgan vaqtida boshqa tomonga qarab turib, himoyachilarga ko‘rsatma berayotgandi.

«Bunday golni o‘smirlar futbolida ko‘rsak, bunday golni o‘tkazib yuborgan futbolchilar uxlashyapti, ularda futbol mentaliteti shakllanmagan deyish mumkin. Bu vaziyatni tushuntirish juda qiyin. Valverdening izohini tinglashni istardim», dedi ayni vaqtda beIN Spors telekanalida ekspert bo‘lib ishlayotgan Joze Mourino.

Qanday qilib butun jamoa YeChL yarimfinalida diqqatni yo‘qotishi mumkin? Balki Aleksandr-Arnoldning bunday harakatlanishini Klopp mashg‘ulotlar vaqtida o‘ylab topgandir: «Barsa»ning barcha himoyachilari burchak to‘pi havolatib uzatilishini kutdi va keyin Origi emin-erkin to‘pni ter Shtegenning uzoq burchagiga joylashtirishini tomosha qildi.

Butun mavsum davomida zaxira o‘rindig‘ini isitib o‘tirgan belgiyalik hujumchi bu o‘yinda to‘pga atigi 30 marta tegindi, sheriklariga hal qiluvchi paslar uzatmadi, ikki marta zarba berdi va ikki gol urdi. Ammo u kerak vaqtda kerak joyda paydo bo‘la oldi. 24 yoshli markaziy hujumchi o‘z ishini bajardi va bu qahramonga aylanish uchun yetarli bo‘ldi.

Tribuna aqldan ozdi - muxlislar Chempionlar ligasi finalini nishonlashga kirishishdi. 

Mehmonlarda vaziyatni o‘nglash va sharmandalikdan qutulish uchun 10 daqiqa qolgandi. Ammo ular buni uddalay olishmadi - «Liverpul» uddalab bo‘lmas topshiriqni bajardi, Messi boshchiligidagi «Barsa» esa qatorasiga ikkinchi mavsumda birinchi o‘yindagi yirik hisobdagi ustunlikni qo‘ldan boy berib, turnirni tark etdi. Messi endi va'dasini keyingi mavsumda bajarishga harakat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: