Til mavzusida oyog‘imiz qaltirashi sababi nimada?

Jamiyat 09:05 / 07.05.2019 45651

«Feysbuk» qahramonsiz, internet mavzusiz qolmaydi. So‘nggi kunlarning trendi rus tiliga davlat tili maqomi berilishi bo‘yicha chaqiriq bo‘ldi.

Vatanparvar o‘z hislarini to‘kib sochdi, millatparvar o‘zbekning naqadar ulug‘ligini har jabhada bildirdi, tilshunos buning salbiy oqibatlarini batafsil ko‘rsatib o‘tgan bo‘lsa, amalsiz siyosatchi asl siyosiy maqsadlarni ochib tashladi. Kiroyi xalqni birlashtiruvchi biror aksiya bunchalik bo‘lmas...

Lekin shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: nega bir guruh «aqlli»ning taklifi bizda bu qadar kuchli reaksiya uyg‘otdi?

Fikrimcha, buning bir necha sabablari mavjud:

1. Tibbiyotda allergik kasalliklar bor. Ular qo‘zg‘alishi uchun oddiy bir chang ham, hid ham kifoya qiladi. Organizmdagi yashirinib yotgan dard bitta ari chaqishidan qo‘zg‘alib, inson birpasda bo‘g‘ilib o‘lib qolishi mumkin. Bu taklif ham allergiya singari bizning dardlarimizni ochib berdi, oddiy bir omil ham bizni murakkab holatga tushirib qo‘yishi mumkinligini bildirdi;

2. Til masalasida patriotizm ko‘rsatish azaldan o‘ziga xos «moda» bo‘lgan. Sababi, mustaqillikning ilk epkini aynan mana shu masalada chindan bo‘y ko‘rsatgan. Milliy g‘urur ham tilga davlat maqomi berilishida bir qo‘zg‘alib olgan. O‘shanda vatanparvarlik jo‘sh urib qator chiqishlar qilingan. Ammo keyinchalik asl maqsadga erishilgan bo‘lsa-da, hammasi qiya ketdi. Bu haqda quyiroqda;

3. Bu tashabbus shunchaki uch-to‘rt oyparastning fikri emasdi. Ortida konkret maqsad borligi yosh bolaga ham ayon edi. «Katta og‘a» tarafdorga, ta'sir doirasi kengayishiga yoki hech bo‘lmaganda toraymasligiga har qachongidan-da muhtoj kunlar bugun. G‘alaba bayrami, arzimas mato bo‘lgan lenta ham siyosiy instrument bo‘lganida butun boshli bir davlatda o‘z tilini o‘tkazishni kim ham xohlamaydi?;

Bu omillarning hammasi tushunarli. Lekin asosiy muammo baribir ochilmay qolaveradi: nega bu tashabbus jamiyatni bu qadar zirqiratib yubordi?

Sababi oddiy – jamiyatning o‘zi o‘z tilini xor qilishga ulgurib bo‘lgandi!

Bir vaqtlar til deb ko‘ksiga mushtlagan ziyolisi keyinchalik ikki alifboga xuddi ikki egarga o‘tirganday o‘tirib ko‘pkariga kirganida, asl vatanparvarlikni, hurlikni so‘zga olgan hamkasbi badarg‘a qilinganida mum tishlaganida, ta'lim poraxo‘rlikka qorishganida o‘zi ham shu bo‘hrondan bir ulush undirish uchun tashlanganida o‘zbek tiliga salmoqli putur yetib bo‘lgandi.

Yoshlari ravon tilli, mazmunli suhbat o‘rniga kirill-u lotin aralash «onlayn muloqot»ni afzal bilganida, «odno» tilida «vawwe oborvotganida» botqoq torta boshlagandi bu tilni.

Bu tilning yozuvchisi-yu shoiri har so‘zini saroy muhitiga moslaganida (va keyinchalik qaro tushlar deya eslaganida), elitasi uning ziynatlarini maddohlik jimjimasi uchungina ishlatganida, ming bir imkoniyati faqat musaffo osmon ta'rifiga yo‘naltirib yo‘rg‘alatilganida cho‘kib bo‘lgandi bu til.

Qonunshunosi O‘zbekiston deya atalmish yurt qonunini o‘zbekchalab yozmaganida va shu harakati bilangina o‘zbekning dardini tushunmasligini yaqqol ko‘rsatib qo‘yganida, mashshog‘i-yu xonandasi «xalq artisti» unvonini olaturib shu xalq so‘zini tushunmaganida chalajon holga kelib bo‘lgandi bu til.

Aynan mana shu sabablar uchun ham bitta uchqun kifoya qildi, asl holatimiz bo‘y ko‘rsatdi. Birlashib daf etgandek, g‘alabaga erishgandek tuyulsak-da, real xavf qarshisida oyog‘imiz qaltirashini his qildik. Dushman razvedka uchun otib ko‘rgan bitta nayzasiyam qalqonimizni titratib tashladi, uzoqdan bir hazil-chin aralash baqirib qo‘ygani ham etimizni junjiktirib yubordi.

Aslida rus tilini saqlash, rivojlantirishning yomon tomoni yo‘q, sababi umumiy tarix va uzviy aloqalar bor. Lekin shu bilan birga boshqa tillarni ham ilgari surish va davlat tilidan tashqari hammasiga ham teng imkoniyatlar berish kerakki, hamma o‘z yo‘lini o‘zi tanlab olaversin. Axir ikki va undan ortiq tilni rasmiy deb bilgan davlatlar talaygina. To‘g‘ri, rus tilini o‘rganishni faqat Rossiyaga borib oyiga 300 dollarlik ish darajasini saqlab turish vositasi sifatida qarovchilar behad ko‘p va ular ham qaysidir ma'noda haqdirlar. Lekin hamonki maqsad chetga chiqib rizq izlash ekan ingliz, ispan, xitoy, koreys tillarini bilish rus tilidan ko‘ra besh-o‘n karra ko‘proq imkoniyat berayotganini payqamaslik mumkin emas-ku!?

Biz o‘z tilimizni yaxshi o‘rganaylik, bexato yozaylik, asarlarda samimiy jilolarini ko‘rsataylik, toki yosh-u qariga birday singib ketsin. Shunda aql boshqa o‘nlab boshqa tillarni o‘rganaverishi mumkin, ammo qalb o‘z tiliga sodiq qolaveradi.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: