O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligida “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsion markazi rezidentlari va IT sohasidagi boshqa ishbilarmonlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi LBMA axborot xizmati xabariga ko‘ra, tadbirning maqsadi - mamlakatda “aqlli” biznesni amalga oshiradigan kompaniyalar nimaga muhtojligini shaxsan o‘zlaridan o‘rganish, elektron tijorat, logistika, soliq, yuqori texnologiyaga asoslangan biznesni yuritish bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar va taklif etilayotgan yechimlarni o‘rganish.
Tadbirkorlar o‘z nuqtai nazarlari va fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar, muammolar sabablarini va hal qilish yo‘llarini taklif qildilar. Barchaga ayon bo‘lgan yagona muammo – mamlakatda yuqori texnologiyali biznes bilan shug‘ullanadigan odamlar soni nihoyatda kam.
Bundan tashqari, bir nechta muammolar o‘rtaga tashlandi:
- bizning zaif tomonimiz, IT-biznesni rivojlantirish uchun imtiyozlar kerak. Imtiyozlarning bu sohani rivojlantirishda bo‘lgan o‘rni beqiyos, yuksalish uchun mablag‘ ajratishga imkoniyat yaratadi: masalan, xodimlarning malakalarini oshirish yoki tajribali mutaxassislarni jalb qilish imkonini beradi. Ha, so‘ngi yillarda ko‘plab imtiyozlar taqdim etildi, biznesni yuritish ancha yengillashdi. Biroq barcha soliqlarni to‘lab borayotgan va barcha qoidalarga muvofiq o‘z faoliyatini yuritayotgan kompaniyalarga oson emas. Ko‘pgina masalalar puxta ishlab chiqilmagan, buning natijasida to‘g‘ri qabul qilingan qarorlar ham amalda samarasiz bo‘lib chiqadi. Misol uchun MUIC’ning rezidentiga aylanish va imtiyozlarga ega bo‘lish uchun aynan dasturiy mahsulotlar bilan shug‘ullanish kerak. O‘zida ko‘plab IT yo‘nalishlarini qamrab olgan firmalar qanday yo‘l tutishi lozim?
- loyihalarni imtiyozli kreditlash. Hozir kredit stavkasi 20-25% gacha boradi. Masalan, Yevropada u 7% dan ortiq emas. Bundan tashqari, ko‘p hollarda qaysi sohalarga kredit ajratish lozimligini aniqlashtirish qiyin. IT-biznesni tezkor va to‘g‘ri baholaydigan tizim mavjud emas. Barchasi malakali kadrlarning yetishmovchiligiga borib taqaladi;
- elektron raqamli imzo (ERI) – ishonchli, standartlashtirilgan, texnologik, jismoniy imzo uchun real qo‘shimcha bo‘lishi mumkin. Afsuski, banklar ERI olishga tayyor emas, shuningdek yuridik nuqtai nazardan to‘laqonli elektron hujjatlarning yetishmovchiligi ham ta'kidlandi;
- davlat muassasalarida muammolarni hal qilishning tezligi va qulayligi;
- vazirliklar bilan ishlaydigan va loyihalarni boshqaradigan, IT va boshqa loyihalarni ajrata oladigan organning yo‘qligi;
- intellektual mahsulot yoki royalti uchun ajratmalar masalasi. Lisenziyalash bo‘yicha ko‘plab qonun hujjatlari 10 yil avval qabul qilingan. Bu vaqt mobaynida IT sanoati oldinga katta qadam qo‘ydi va bugungi kunga kelib yuqori texnologiyalar sohasida litsenziyalashni qanday amalga oshirish kerakligini tushunish qiyin bo‘lib qoldi.
Eksport, bojlar va xorijiy kompaniyalarning o‘zbekistonlik kompaniyalar bilan ishlashni istamasliklarining sabablari, import, bojxona bilan bog‘liq byurokratik qiyinchiliklar va boshqa ko‘p narsalar haqida so‘z yuritildi.