«Liverpul» «Barselona»ga qarshi o‘yinda yetakchilarisiz harakat qiladi

Sport 17:20 / 06.05.2019 19017

«Liverpul» hujumchilari Muhammad Saloh va Roberto Firmino Chempionlar ligasi yarim finalining «Barselona»ga qarshi javob o‘yinida qatnasha olishmaydi.

«Qizillar» bosh murabbiyi Yurgen Kloppning so‘zlariga ko‘ra, misrlik hujumchining ahvoli yaxshilanmoqda, ammo u ertangi bahsda maydonga tusha olmaydi.

«Uning bosh miyasida chayqalish bo‘lgan, shuning uchun shifokorlar unga maydonga tushishga ruxsat berishmadi. U o‘zini yaxshi his qilmoqda, ammo tibbiyot nuqtai nazaridan barchasi o‘z holiga qaytishi uchun vaqt talab etiladi. U juda qattiq xafa, ammo biz hech narsa qila olmaymiz», — deya Kloppning so‘zlarini keltirgan Liverpool Echo.

Saloh shanba kuni APL doirasidagi «Nyukasl» bilan bahsda (3:2) jarohatlangan edi – o‘yinning 68-daqiqada u raqib darvozaboni bilan to‘qnashib ketib, boshidan shikastlangandi.

Firminoning ertangi o‘yinni o‘tkazib yuborishi avvalroq aniq bo‘lib ulgurgandi. 27 yoshli braziliyalik futbolchi 27 aprel kuni «Haddersfild Taun»ga qarshi o‘yin vaqtida (5:0) mushaklarini jarohatlab olgandi. U APLning 38-turida «Vulverhempton»ga bilan kechadigan o‘yingacha safga qaytishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Barselona» a'zolaridan hujumchi Usmon Dembele safdan chiqqan.

«Liverpul»-«Barselona» o‘yini ertaga, Toshkent vaqti bilan chorshanbaga o‘tar kechasi soat 00:00da boshlanadi. Ilk o‘yinda kataloniyaliklar klubi 3:0 hisobida g‘alaba qozongan.

Ko‘proq yangiliklar: