Ramazon Yaqin Sharq davlatlari va Rossiyada ham 6 maydan boshlanadi

Jahon 01:32 / 05.05.2019 24105

Saudiya Arabistonidagi maxsus yangi hilolni kuzatuvchilarga shanba kuni yangi hilol ko‘rinish bermaganligi sababli hijriy-qamariy 1440 yilning Sha'bon oyi 30-kuni melodiy 2019 yilning 5 may kuniga to‘g‘ri kelishi belgilanib, millionlab musulmonlar muqaddas oy ro‘zasini dushanba — 6 may kunidan boshlab tutishlari aniq bo‘ldi. Bu haqda Arab news xabar bermoqda.

Saudi Press Agency’ga ko‘ra, Saudiya Arabistoni oliy qoziyati 2 maydayoq barcha musulmonlarni Ramazon oyining boshlanishidan darak beruvchi yangi hilolni ko‘rishga chorlagan edi.

Shuningdek, arab davlatlarining aksariyatida yangi hilol ko‘rinishi bilan belgilanadigan muqaddas Ramazon oyining birinchi kuni 6 maydan boshlanadi.  

Al-Jazeera telekanali xabar berishicha, Qatar, Indoneziya, Livan, Suriya, Misr, Marokash, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn va boshqa ko‘plab musulmon davlatlari ham joylarda yangi oyning ko‘rinishiga qarab, muqaddas Ramazon oyi ro‘zasini dushanba kunidan boshlab tuta boshlashadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida ham Ramazon oyining boshlanishi 6 may deb belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Ramazon oyining boshlanishi 6 may kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi axborotiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori imzolangan.

Taroveh namozlari 5 may kuni kechqurundan o‘qila boshlanadi. O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy sayti xabariga ko‘ra, bu yil respublikamiz bo‘yicha 1220 masjidda tarovih namozlarida xatmi Qur'on qilinadi. Ularda jami 2038 nafar qorilar ishtirok etadi.

Ko‘proq yangiliklar: