Gruziya prezidentiga AQSh harbiy bazasini rad etgani uchun impichment bilan tahdid qilindi

Jahon 22:38 / 02.05.2019 15392

Gruziya muxolifati prezident Salome Zurabishvilini mamlakat hududida AQSh harbiy bazasini joylashtirishga qarshi chiqqani uchun tanqid qildi.   

Muxolif partiyalar Zurabishvilining ushbu bayonoti mamlakatga ziyon yetkazishi mumkinligini aytishgan. Partiyalardan biri “Yagona milliy harakat” prezident “Rossiya tashviqotini nusxalash bilan” shug‘ullanayotgani va unga yakuniy natijada impichment e'lon qilinishiga ishonchi komilligini aytgan.

“Biz o‘zimiz uchun asosiy xavf – Rossiyadan himoyalangan bo‘lishga intilmoqdamiz. Nima uchun Gruziya prezidenti bunga qarshi bo‘lishi mumkin? Bu odam mamlakat uchun ziyon keltiruvchi qarashlar va g‘oyalar bilan to‘lgan”, deb aytgan deputatlardan biri Giga Bokeriya.

Gruziya prezidenti 1 mayda “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida mamlakatda AQSh harbiy bazasini joylashtirishni ma'qullashga tayyormasligini aytgan. Uning aytishicha, Tbilisi ig‘vo deb qabul qilinishi mumkin bo‘lgan bunday qadamlarni amalga oshirmasligi lozim. Zurabishvili shu bilan birga mamlakatning Yevropa Ittifoqi va NATOga kirish bo‘yicha yo‘nalishi o‘zgarmasligini ta'kidlab o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: