O‘zbekiston | 15:30 / 29.04.2019
55932
6 daqiqa o‘qiladi

«Ichki ishlar xodimi madaniyatli bo‘lishi kerak». General internetda tarqalgan videoga munosabat bildirdi

Bugun, 29 aprel kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazi binosida Ichki ishlar vazirligining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi matbuot anjumani o‘tkazdi.

Unda ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash, tizimdagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va litseylar masalasi muhokama qilindi.

Yig‘ilishga boshqarma boshlig‘i general-mayor Qutbiddin Burxonov raislik qildi. Shuningdek, tadbirda ichki ishlar tizimidagi kadrlar bilan ishlash tizimidagi rahbar xodimlar ham qatnashishdi.

Maktab-internatlar haqida berilgan savollarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktab direktori, podpolkovnik Sherali To‘rayev javob berdi.

«Maktabning asosiy maqsadi ichki ishlar, bojxona, mudofaa va boshqa harbiy muassasalar xodimlaridan xizmat vaqtida halok bo‘lganlar yoki nogiron bo‘lib qolganlarning farzandlarini ijtimoiy himoya qilish, ta'lim-tarbiya berish uchun tashkil etilgan. Shu bilan bir qatorda, qabul kvotalarining 80 foizi yuqoridagi keltirilgan toifalar uchun, yana 20 foizi boshqa bolalar uchun ajratiladi. Maktabga 4-sinfni tamomlagan o‘quvchilar qabul qilinishi belgilangan. Qabul jamlovchi idoralar tomonidan rasmiylashtiriladi. Tanlovda ishtirokchilarning bilim saviyasini tekshirish maqsadida diktant va test sinovlari o‘tkaziladi.

Sherali To‘rayev

O‘quvchilar o‘qish davrida mavsumiy kiyim-kechak, to‘rt mahal oziq-ovqat, poyabzal, yumshoq anjomlar va boshqa zarur buyumlar bilan bepul ta'minlanadi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Olmaliq shahar malaka oshirish markazi rahbari, podpolkovnik Umidjon Nurillayev esa Ichki ishlar tizimida ishlab pensiyaga chiqqan xodimlar haqida ma'lumot berdi.

«O‘rganishlar natijasida «Mahalla posboni» lavozimi tugatilib, uning negizida profilaktika inspektori yordamchisi lavozimi joriy etildi. Bundan maqsad ushbu lavozimni ichki ishlar tizimiga kiritish edi. Avvallari yoshi 50-60 yoshdan oshgan kishilar ham mahalla posbonlari bo‘lib ishlayverishgan. Profilaktika inspektorlariga ularning yordami ko‘p ham tegmagan. Hozir bu masalada hukumat o‘z tartibini ishlab chiqdi. Endi profilaktika inspektori yordamchilari 30 yoshgacha bo‘lgan kishilar orasidan, Ichki ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan komissiya tomonidan o‘rganib chiqilgan holda tanlab olinadi», deydi ichki ishlar rahbar xodimi.

Umidjon Nurillayev

Tadbir davomida mavzuga aloqador va mavzudan tashqari savollarga ham javoblar berildi. «O‘zbekiston ovozi» gazetasi muxbiri tomonidan ishga joylashishda tezkorlik bilan ishlar olib borilmasligi va ichki ishlar xodimlarining yurish-turish qoidalariga rioya etish-etmasligidagi kamchiliklar masalasida bergan savollarga quyidagi javob qaytarildi: «Ichki ishlar organiga ishga yoki oliy ta'lim muassasamizga qabul qilish jarayoniga ma'lum o‘rganishlar talab qiladi. O‘tgan yili vazirligimiz tomonidan e'tirozlar o‘rganib chiqilib, ishga qabul qilishda soddalashtirilgan tizim joriy etildi. Qabul qilish yoki rad etish masalasida 40-50 kun ichida javob aytiladi», deydi IIV Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Rustambek Kamolov.

General-mayor Qutbiddin Burxonov Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan DAN xodimi va haydovchi o‘rtasidagi mojaroli holat yuzasidan munosabat bildirdi.

«Ichki ishlar xodimi xizmat davomida yurish-turish qoidalariga rioya etishi juda muhim. Kuni kecha o‘zingizni ham xabaringiz bor, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tgan voqeada ikki mast odam tortishib turgan vaqtda ichki ishlar xodimi kelib ajratmoqchi bo‘lgan. «To‘polon qilmagin, o‘zingni bosib olgin», deb ushlab turgan vaqtda atayin eshikni yopyapti. Qo‘li lat yegan. Ekspertizaga borgan. Shu vaqtda avtomatik ravishda mast odamning yuziga shapaloq tortib yuborgan. Bu mojaro ishtirokchilari bo‘lgan boshqa kishilarga ham ma'muriy chora ko‘riladi. O‘zini bosa olmagan o‘sha xodimni esa lavozimidan ozod etish masalasi ko‘rilmoqda. Ichki ishlar organi xodimi birinchi navbatda o‘ta madaniyatli bo‘lishi kerak. Davlat rahbari, hukumatimiz, vazirimiz talabi ham avvalo shu», deya javob berdi u.

Biroz avvalroq internetda Amudaryo tumani Mang‘it shahri Barkamol avlod ko‘chasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashga jalb qilingan Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi YPX inspektori mast holatdagi yo‘lovchilar bilan bahs davomida ulardan biriga shapaloq tushirgani tasvirlangan video tarqalgandi.

Keyinroq Ichki ishlar xodimi o‘zi urgan fuqaroning oldiga borib, undan kechirim so‘ragan va tomonlar yarashgan. Bu xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, natijaga ko‘ra uni lavozimdan ozod etish yuzasidan taklif kiritilgan

Mavzuga oid