Sovuq suv narxini ogohlantirishsiz oshirmoqchi bo‘lgan «Suvsoz» mavzusi monopoliyaga qarshi qo‘mita ogohlantirishi bilan tugadi

O‘zbekiston 22:30 / 26.04.2019 14607

25 aprel kuni «Suvsoz» DUK saytida 24 apreldan Toshkent shahri aholisi uchun sovuq suv narxlari oshirilishi haqida xabar berildi. Unda yangi narxlar poytaxt hokimiyati tomonidan 2 aprel kuni tasdiqlangani aytilgandi.

Internet nashrlari bu ma'lumotni narxlar oshirilishi haqidagi xabar narxlar oshirib bo‘linganidan bir kun o‘tib e'lon qilinganiga urg‘u qaratilgan holda tarqatildi.

Ko‘p o‘tmasdan «Suvsoz» saytidan bu ma'lumot o‘chirib tashlandi. Lekin xabardan skrinshot olingandi.

Foto: Zed News

Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlarda bu holat tanqidiy muhokama qilina boshlandi. Xususan, bloger va huquqshunos Xushnud Xudayberdiyev telegram-kanalida joylashtirgan «Qonunchilikni buzgan va iste'molchilar ustidan ochiqchasiga kulgan «Suvsoz» sarlavhali postida «Suvsoz» Toshkent shahar hokimining qarori 2 aprel kuni chiqarilgan qarorini iste'molchilardan 23 kun davomida «sir saqlab kelgani»ga e'tiroz bildirdi.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-son qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan «Iste'molchilarga suv ta'minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalari»da shunday qoida belgilangan:

«119. Suv quvuri-kanalizatsiya xo‘jaligi (ISKX) tashkiloti quyidagilarga majbur:

ichimlik suv ta'minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari tariflaridagi o‘zgarishlar haqida ular amalda joriy qilinishidan 15 kun avval ommaviy axborot vositalari yoki boshqa aloqa vositalari yordamida iste'molchilarni xabardor qilish;»

Lekin «Suvsoz» 15 kun oldin emas, amalda joriy qilinganning ertasi kuni xabar bergandi.

«Aytingchi, iste'molchilarning ustidan bu darajada kulish mumkinmi? Ha, mumkin.

Qachon? Qachonki sen O‘zbekistonda mutlaq monopoliya bo‘lsang, bo‘ldi, istagan ishingni qilishing mumkin. Hech kim g‘ing demaydi.

Nari borsa, internetda xalq biroz ming‘ir-ming‘ir qilishi mumkin, lekin bunaqa paytlarda xabarni o‘chirib, sekingina «bizga baraban» rejimini yoqib olsangiz kifoya, odamlar gapirib-gapirib, oxiri unutib yuborishadi. «It hurar, karvon o‘tar», nima dedingiz, a, labbay?

Chunki Siz, monopol tashkilot sifatida, juda yaxshi bilasiz. Xalqning har qanday noroziligi Siz uchun 1 tiyin! Axir xohlaydimi, yo‘qmi, ular Sizning mahsulotingizni olishga, xizmatingizdan foydalanishga majbur. Boshqa qayoqqa ham borardi. «Chidasang shu, chidamasang katta ko‘cha» degan shiorni saytingizga yozib qo‘yishingiz ham mumkin-u, lekin sal istihola qilib turibsiz xolos», deyilgandi munosabatda.

Kunning ikkinchi yarmida «Suvsoz» saytida o‘chirib yuborilgan xabar o‘rnida yangisi paydo bo‘ldi.

Unda aytilishicha, Toshkent shahar hokimining 2 apreldagi qarori bilan:
-  ichimlik suvi uchun Toshkent shahar hokimining 12.01.2018 yildagi qarori bilan 1 m3 uchun 100 so‘m miqdorida o‘rnatilgan maxsus ustamaning amal qilish muddati 2019 yil uchun ham uzaytirilgan;
-  kanazilatsiya xizmatlariga esa 1 m3 uchun 100 so‘m miqdorida maxsus ustama belgilangan.

Bu haqida 9 aprel kuni «Toshkent oqshomi» va «Vecherniy Tashkent» gazetalarida xabar berilgani ta'kidlab o‘tilgan.

Lekin bu xabar tashkilot saytida o‘z vaqtida berilmagandi.

«Sizlar bexabar bo‘lsangiz, bizning ayb emas», demoqchi «Suvsoz», deya kinoya qildi @davletovuz kanali.

Kun oxiriga kelib esa xuddi shu masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Telegram kanalida bayonot berdi:

«O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda «Toshkentda 24 apreldan sovuq suv narxi oshdi. «Suvsoz» bu haqda 25 aprel kuni xabar berdi» mavzusida 2019 yil 26 aprelda tarqalgan xabarlar bo‘yicha quyidagilarni ma'lum qiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi Qonunining 7-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktyabrdagi 239-son qarori talablarida yangi narx (tarif)lar tabiiy monopoliya sub'yektlari tomonidan ular kuchga kirishidan kamida o‘n besh kun avval ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinishi belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan mazkur Qonun talabi doimiy ravishda nazorat qilib boriladi. 

«Suvsoz» DUK tomonidan maxsus ustama narxlari yuzasidan ommaviy axborot vositalarida e'lon berilmay, «Toshkent oqshomi» gazetasining 2019 yil 9 apreldagi 57-sonida Toshkent shahar hokimligi tomonidan 2019 yil 2 apreldagi «Toshkent shahrida ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya xizmatlari tariflariga maxsus ustama haq miqdorini belgilash to‘g‘risida»gi 499-sonli qarori chop etilganligi korxona tomonidan e'lon berilgan deb hisoblanilgan. Bu bilan korxona tomonidan O‘zbekiston Respublikasi «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi Qonunining 7-moddasi talablariga amal qilinmagan. 

Yuqoridagilarga muvofiq, «Suvsoz» DUK tomonidan Toshkent shahrida ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmati tariflariga maxsus ustama haq miqdorini belgilash bo‘yicha www.suvsoz.uz veb-sayt orqali 2019 yilning 25 aprelida iste'molchilarga e'lon berilganligini inobatga olib, amalga kiritiladigan yangi narx (tarif, maxsus ustama)larni mazkur e'lon berilgan sanadan o‘n besh kundan keyin, ya'ni 2019 yining 10 mayidan amalga kiritilishi lozimligi to‘g‘risida Qo‘mita tomondan «Suvsoz» DUKga tegishli ko‘rsatma berilganligi ma'lum qilinadi. 

Qo‘mita ko‘rsatmasi «Suvsoz» DUK tomonidan bajarilmagan taqdirida korxonaga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar qo‘llanilishi bildiriladi».

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida o‘tgan 2018 yilning o‘zida sovuq suv uchun narx uch marta oshirilgan, narxlar o‘tgan yilning fevralida (+5 so‘mga), mayida (+50 so‘mga) va noyabrida (+35 so‘mga) oshirilgan edi va bu holatlarda to‘rtinchi marta oshirilishda bo‘lgani kabi «imi-jimida» ish qilinmagandi. 

Ko‘proq yangiliklar: