Murabbiy minbari: Visente Del Boske mundialdagi g‘alaba, voz kechilgan yulduz va Bilich tajribasi haqida

Sport 17:10 / 26.04.2019 9603

Futbolchilar hayoti bilan yaqindan tanishtiruvchi ThePlayersTribune loyihasi kabi murabbiylarning xotiralariga bag‘ishlangan The Coaches’ Voice loyihasi ish boshladi. Uning ilk qahramoni esa, tabiiyki, yangi asrning eng muvaffaqiyatli murabbiylaridan biri, futboldagi eng katta uch turnir – jahon chempionati, Yevropa chempionati va Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan yagona murabbiy – Visente Del Boske.

Shunday ulkan sovrinlardan so‘ng ham, uning malakasini shubha ostiga oladigan va g‘alabalarni ko‘proq o‘ta kuchli ijrochilarga bog‘laydiganlar bor. Ammo futbol olamida kuchli ijrochilar doim bo‘lgan, sanalgan sovrinlarni yutish esa, faqat Del Boskega nasib etgan. Tabiiyki, muvaffaqiyatlarda Del Boskening ham mahorati, kerakli va to‘g‘ri qarorlari katta ahamiyat kasb etgani shubhasiz.

Quyida ispaniyalik murabbiy terma jamoasi bilan qanday qilib mundialda g‘olib bo‘lgani haqida hikoya qiladi.  

«Ko‘pchilik Ispaniya terma jamoasini qabul qilish uchun juda noto‘g‘ri vaqt, deb o‘ylagan, ammo mening fikrim biroz boshqacha edi. Jamoamizda aniq uslub, bir qator yuqori saviyali futbolchilar va yosh umidli nomlar mavjud edi. Boshqacha aytganda, ko‘p narsa tomonda, buning ustiga, yaqinda Yevropa chempionatida g‘alaba qozonilgandi.

Bunday merosni qabul qilib olish xavfli emas, aksincha, mukofotdir. Hali Yevro-2008 boshlanmasdan turib ham, men Luis Aragonesning davomchisi bo‘la olishimga ishonardim.

O‘sha turnirdagi hamma o‘yinni men uyda, televizorda tomosha qildim. Menda doim Ispaniya terma jamoasi qanday bo‘lish kerakligi haqida tasavvurlar bo‘lgan, o‘yinlar davomida esa, o‘zim uchun kelajak tasvirini chiza boshladi. O‘ylashimcha, mening g‘oyalarimni amaliyotga ko‘chirish uchun Ispaniya va u yerdagi ijrochilardan ko‘ra yaxshiroq variantni topib bo‘lmasdi.

Luis Aragones mendan ancha katta, ammo biz doim bir-birimizga hurmat bilan qaraganmiz. Albatta, futbolchilar uchun juda qadrli bo‘lgan sobiq murabbiyga hurmat ko‘rsatibgina, o‘zim ham qadr topishim mumkin edi. Ilk kundan futbolchilar shu paytgacha qilingan ishlarni yo‘qqa chiqarmoqchi emasligimni his qilishgan. Shunchaki, yangi elementlar qo‘shgan holda, o‘yinni takomillashtirishimiz lozim edi.

Shuningdek, ba'zi futbolchilar o‘tgan yil mobaynida o‘z o‘yinlarini o‘stirishdi va terma jamoaga yangi qon o‘laroq kirib kelishdi. Ma'lum bir yerda to‘xtab qolmaslik uchun bu o‘zgarishlar juda muhimdir. Jyerar Pike, Serxio Buskets, Xuan Mata kabi futbolchilar jamoamiz sifatini oshirishgandi. Ishimdagi eng qiyini, Yevropa chempionatida juda muhim sanalgan ba'zi futbolchilardan voz kechishga majbur bo‘lgandim. Yorqin misol – Markos Senna.

Senna, balkim Yevro-2008 turnirida Ispaniyaning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lgandi. Uning tajribasini qadrlagan holda, jahon chempionati oldidan uni tarkibga qo‘shmaslikka to‘g‘ri keldi. Chunki uning o‘rnida juda katta tezlikda o‘sib borayotgan Serxio Buskets paydo bo‘lgandi.

Yashirmayman, terma jamoa turnir va favoritlari sifatida tilga olina boshlaganda, biroz qo‘rqdim. Chunki Ispaniya futboli ayni cho‘qqiga chiqib borayotgan, bunday holatlarda muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizlik o‘rtasi juda yaqin bo‘ladi. Bunday holatda sen ikkinchi holatga yaqinroq bo‘lasan, chunki g‘oliblikdan boshqa har qanday natija muvaffaqiyatsizlik sanalishi mumkin. Buning ustiga, birinchi o‘yinni yutqazib qo‘ydik.

Shveytsariyadan mag‘lubiyatga uchralgach, bir necha shogirdim oldimga keldi va «Janob, biz yetarlicha yaxshi o‘yin ko‘rsatdik», deyishdi. Ular haq edilar. Men bunda o‘yinni takroran ko‘rgandan keyin ham amin bo‘ldim – biz o‘z yo‘limizdan voz kechmasligimiz kerak edi. Ortiqcha asabiylashish, xatoni tuzatishga urinish yaxshilikka olib kelmasligi mumkin edi. Keskin o‘zgarishlardan voz kechdim.

Murabbiy o‘z qarorlarining orqasida turmog‘i, vaziyatni nazorat qilishi kerak. Biz ma'lum bir nuqtaga keldikmi, yangiliklar yaratishga urinish qo‘shimcha muammolar keltirib chiqarardi. Futbolchilarga keyingi olti o‘yinni yutsak, jahon chempioni bo‘lishimizni aytdim – unchalik qiyin emas, atigi olti o‘yin!

Busketsning Shveytsariya bilan o‘yindagi harakatlarini qayta ko‘rib chiqdik, ammo u ko‘proq ishonish lozim bo‘lgan ijrochilardan biri edi. Buskets va Xabi Alonso – jamoaning eng muhim bo‘lagi. Ular shunchaki, yarim himoya markazida o‘ynashmagan, ular maydonda hammasiga javobgar edilar. O‘yinimizni tashkil qilishda ularning o‘rni beqiyos edi.

Andres Inesta, Xavi, Vilya yoki Fernando Torresni, boshqalarni ham unutmaslik kerak, ular ham natijaga katta hissa qo‘shishdi, ammo o‘yin Alonso – Buskets o‘yini ustiga qurilgandi. O‘yindan o‘yinga optimistik kayfiyat hukm sura boshladi va biz chempion bo‘lishimiz mumkinligiga ishondik.

Uyog‘i bizning reja bo‘yicha davom etdi. Raqib o‘yinchilari ichida alohida e'tibor qaratib, o‘yinimizni rejalashtirganimiz – Filipp Lam edi. U Germaniya terma jamoasi hujumida ham muhim ahamiyat kasb etardi. Biz uni to‘xtatish uchun qo‘shimcha himoyachi tushirmadik. Biz Pedroni maydonga tushirib, o‘sha qanotni kuchaytirdik va Lam ko‘proq himoyadagi vazifalarini bajarishiga to‘g‘ri keldi. Pedroning faolligi Ispaniya o‘yini uchun samarali bo‘ldi va biz kichik hisobda g‘alabaga erishdik.

Visente del Boske, Getty Images

Tarixiy kun qarshisida turardik – umumiy maqsadimiz, chempionlik uchun bir qadam qolgandi. Avvalgi terma jamoalarimizning urinishlari besamar ketgan va biz mana shu xunuk an'anaga chek qo‘yishga tayyor edik.

Tayyorgarlik oldingilardan farq qilmadi. Futbolchilarning emotsional holatidan xavotir olmasam ham bo‘ladi, axir jahon chempionati finaliga futbolchini alohida chog‘lantirish shart emas, to‘g‘rimi?

Futbolchilar yosh bo‘lsa-da, ancha tajribali edilar. Sesk Fabregas, masalan, ancha yosh paytidan beri «Arsenal» sardori bo‘lgan. Aksariyat futbolchilar ham shunday, bu holat jamoamizga qo‘shimcha ishonch olib keldi. Niderlandiyaliklarga kelsak, ularda juda kuchli futbolchilar jamlangan edi. Ular o‘z tarixlarida uchinchi marta finalga chiqishgan va biror marta ham chempion bo‘la olishmagandi. Jamoa o‘z uslubiga ega, texnik jihatdan yaxshi shakllangandi.

Murabbiy sifatida, yechishimiz kerak bo‘lgan muammolarga e'tibor qaratishim shart emasdi, chunki baribir, buni o‘zgartira olmaymiz. Buning o‘rniga tanaffus paytida o‘zimizning kuchli jihatlarimizdan, raqibning ham o‘ziga xos jihatlariga, Robbenning tezligi va Uesli Snayderning o‘yiniga e'tibor qaratdik. Qo‘shimcha vaqt boshlanganda, negadir, bugun albatta g‘alaba qozonishimizga ishonch chulg‘ab oldi.  

Xesus Navas bizning yashirin qurolimiz edi. Ispaniya terma jamoasi vingerlar bilan o‘ynashga odatlanmagan, ammo raqib himoyachisi Jovanni van Bronkxorstga Xesusning tezligini to‘xtatish oson bo‘lmasligini bilib turardik. Jovanni faoliyatidagi so‘nggi o‘yinda to‘qson daqiqa yugurib bo‘lgandi.

Foto REUTERS

Nihoyat, Andres Inesta hisobni ochgach, orzuimizga yaqinlashdik. Va men darhol Slaven Bilichni esladim.

U Yevro-2008’dan keyingi sammitda Xorvatiya Turkiyaga qarshi chorak finalda haddan tashqari ko‘p energiya sarflab yuborganini, jamoasining so‘nggi daqiqalardagi golidan so‘ng, qolgan ozgina vaqt uchun shogirdlarini taktik tayyorlash o‘rniga, golni qattiq nishonlab yuborganini aytgandi. O‘shanda bir daqiqadan keyin Turkiya hisobni tenglashtiradi va penaltilar seriyasida xorvatlarni chiqarib yuboradi.

Xullas, Bilichning o‘sha tajribasi menga ta'sir qilgan. Yana to‘rt daqiqa bor, raqib maydonda bir kishi kam bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, xavfli edi. Yana to‘rt daqiqa kuchli o‘yin ko‘rsatishimiz shart.

O‘sha tunda qancha uxlaganimiz esimda yo‘q. Ehtimol, umuman uxlamagandirmiz ham. Boshida Ispaniyaning bu g‘alabasini butun salmog‘i bilan anglay olmagan bo‘lishimiz ham mumkin.

Men hamma bilan birga nishonladim. Albatta chegaradan chiqadigan odam emasman, g‘alabalarni ham, muvaffaqiyatsizliklarni ham sovuqqonlik bilan qarshi olish, ishlashda davom etishga harakat qilaman. Odamlar hozirgacha menga o‘sha Jahon Kubogini eslatishadi, lekin men bu uchun alohida faxrlanmayman. Umuman, o‘tmishga qarab faxrlanish tuyg‘usi menga yot. Axir biz u yerda yashab qolmaymiz, doim kelajakka intilamiz.

The Coaches’ Voice materiali asosida Q.Aslanov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: