«Formula-1»ning Bokudagi bosqichidagi zayezdlar kanalizatsiya lyuki sababli to‘xtatildi (video)

Sport 23:02 / 26.04.2019 5037

«Formula-1»ning Bokuda o‘tayotgan Ozarboyjon bosqichida 26 apreldagi erkin zayezdlarning ilk sessiyasi boshlanganidan ko‘p o‘tmay to‘xtatildi. Bunga esa trassada mahkamlab qo‘yilmagan kanalizatsiya lyuki sabab bo‘lgan.

«Uilyams» jamoasi poygachisi Jorj Rassell lyuk ustidan o‘tganda u otilib ketib, uning bolidiga jiddiy talofat yetkazgan. Biroq Rassell bolidi bilan bog‘liq ko‘ngilsizliklar shu bilan tugamagan: bolidni trassadan olib ketayotgan evakuator ko‘prik ostidagi reklama shitiga tegib ketib ishdan chiqqan va bolid ustiga gidravlik moy oqib ketgan.  

Natijada bosqich tashkilotchilari zayezdlarni muddatdan avval yakunlashga qaror qilishgan. Ular bir necha soat ichida trassa bo‘ylab joylashgan 300 dan ortiq drenaj lyukini tekshirib, mahkamlab chiqishlariga to‘g‘ri keladi.

«Bunday holatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bunday hodisalarni «Formula-1» trassalaridan kutmaysan. Bu lyuklarni payvandlab tashlash kerak. Biz bu masalani poyga rahbariyati bilan muhokama qilamiz», deb aytgan «Uilyams» jamoasi rahbari Kler Uilyams.

Endi Ozarboyjon bosqichi promouterlariga «Uilyams»ga bolidning ta'miriga ketadigan xarajatni qoplab berishlariga to‘g‘ri keladi.

Ko‘proq yangiliklar: