Prezident qarori: «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi joriy etiladi

O‘zbekiston 07:48 / 24.04.2019 7952

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda ma'muriy tartib-taomillarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining 2021 yil 1 yanvarga qadar BMTning Savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va elektron ish amaliyotlari bo‘yicha markazi tomonidan ishlab chiqilgan “yagona darcha” mexanizmini yaratish bo‘yicha tavsiyalar va yo‘l-yo‘riq tamoyillari mezonlariga javob beradigan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimini (“Yagona darcha” BAT) joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

“Yagona darcha” BATni joriy etishda tashqi iqtisodiy faoliyat sub'yektlariga quyidagi imkoniyatlarni yaratadigan mexanizm nazarda tutiladi:

import, eksport va tranzitga taalluqli barcha tartibga solish talablarini bajarish maqsadida standartlashtirilgan ma'lumotlar va hujjatlarni yagona o‘tkazish kanalidan foydalangan holda taqdim etish;

axborot almashinuvning maxfiyligi va xavfsizligini ta'minlovchi normativ-huquqiy baza bilan mustahkamlagan holda, tashqi savdo bitimlariga doir barcha axborotlarni almashish;

davlat bojxona xizmati, vakolatli organlar, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan ruxsat etuvchi hujjatlarni rasmiylashtirishning bosqichlarini masofadan kuzatish;

barcha uchun ochiq bo‘lgan elektron shakldagi ruxsat etuvchi hujjatlar reyestrlarini yuritishga to‘liq o‘tish;

O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlardagi epizootik, karantin va fitosanitariya holatlari to‘g‘risidagi ochiq ma'lumotlarni eng so‘nggi ko‘rsatkichlar holatida ushlab turish;

dastlabki ma'lumotlar asosida tovarlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga amalda yetib kelishiga qadar ruxsat beruvchi xarakterga ega hujjatlarni berish.
“Yagona darcha” BATning samarali va to‘liq faoliyat yuritishi, shuningdek, vakolatli organlarning nazorat punktlaridagi ishlarini tizimli yondashuv va doimiy nazorat asosida tashkil etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi (Azimov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (Shodmonov), Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (Norqobilov), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (Qo‘chqorov), “O‘zstandart” agentligi (Sattorov) va “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi (Ergashev) rahbarlarining shaxsiy javobgarligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonlarini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etildi.

Ishchi guruhi 2019 yil 1 oktyabrga qadar bo‘lgan muddatda bojxona ma'muriyatchiligini isloh qilish, davlat nazorati samaradorligini oshirish, TIF ishtirokchilarining xarajatlarini qisqartirish sohasida tanqidiy tahlillar o‘tkazadi va tahlillar yakunlari asosida Tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonini takomillashtirish bo‘yicha konsepsiya va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash uchun kiritadi. Bunda quyidagilarga alohida e'tibor qaratiladi:

haddan ziyod ma'muriy to‘siqlar va davlat organlarining bir-birini takrorlovchi funksiyalarini bekor qilish;

resurslar cheklanganligi sharoitida davlat xarajatlarining erishilgan yoki kutilayotgan samaraga nisbatini inobatga olgan holda, xavf-xatarlarni boshqarishning to‘laqonli tizimini joriy etish;

“bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimini keng qo‘llash;

bojxona ko‘rigida tovarlar qadoqlarini buzib ochish holatlarini qisqartirish.

Ko‘proq yangiliklar: