Jazoni ijro etish muassasalari ichki tartib qoidalariga o‘zgartirish kiritiladi

O‘zbekiston 10:28 / 24.04.2019 8534

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga kiritilishi rejalashtirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar:

69-band quyidagi mazmundagi to‘qqizinchi – o‘n birinchi xatboshilar bilan to‘ldiriladi:

“ob-havo sharoiti yo‘l qo‘ysa, ishdan bo‘sh vaqtida toza havoda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish;

JIEMning psixologik xizmat ko‘rsatish xodimlari tomonidan ko‘rsatiladigan psixologik yordamni olish. Mahkumlarning psixologik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etishi faqat ularning roziligi bilan amalga oshiriladi;

mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq, xavfsiz mehnat sharoitiga ega bo‘lish, dam olish, ta'tilga chiqish, shuningdek mehnatiga haq to‘lanishi.”.

89-band quyidagi mazmundagi ikkinchi – uchinchi xatboshilar bilan to‘ldiriladi:

“JIEM ma'muriyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning xavfsizligini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga mahkumlar bilan moneliksiz va xoli uchrashish hamda suhbatlashish uchun zarur shart-sharoitlar ta'minlanishi shart, uchrashuv va suhbat JIEM xodimlari ularni ko‘rib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda xoli o‘tkaziladi.”.

241-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldiriladi:

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning javobi ko‘zdan kechirilishi mumkin emas va arz qiluvchiga zudlik bilan yetkazib beriladi.”.

Quyidagi mazmundagi 290-1-band bilan to‘ldiriladi:

“290-1. Mahkum og‘ir kasallikka chalingan taqdirda, telefon orqali qo‘shimcha so‘zlashishga, shuningdek shifokorning ruxsati bilan qo‘shimcha uchrashuvga ruxsat beriladi.”.

361-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“361. Mahkumlar saqlash sharoitiga qarab umumiy turar joylarda, xonalarda yoki kameralarda yashaydi, ushbu turar joylar, xonalar yoki kameralar belgilangan tartibda tasdiqlangan sanitariya-gigiyena hamda qurilish normalari va qoidalariga mos kelishi kerak. Yilning qish mavsumida JIEMlarning turar joylarida havo harorati 20o S darajadan past bo‘lmasligi lozim.”.

Quyidagi mazmundagi 372-1-band bilan to‘ldiriladi:

“372-1. Mahkum JIEMga qabul qilish chog‘ida, jazoni o‘tash paytida vaqti-vaqti bilan, biroq olti oyda kamida bir marta, shuningdek murojaatiga ko‘ra tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish maxfiylik shartlari asosida amalga oshiriladi.

Mahkum JIEMga qabul qilingandan keyin o‘n besh kun ichida u bilan suhbat o‘tkaziladi, mahkum JIEMning karantin xonalarida tibbiy ko‘rikdan va sanitariya-gigiyena tadbirlaridan o‘tadi.”.

Quyidagi mazmundagi 374-1 – 374-4-bandlar bilan to‘ldiriladi:

“374-1. JIEM ma'muriyati mahkumlar JIEMga qabul qilinayotganda ham, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganda ham tibbiyot xodimlari ushbu shaxslarning yoniga zudlik bilan kirishini ta'minlashi kerak.

374-2. Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish zarur bo‘lganda mahkumlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtiriladi.

374-3. Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan mahkumlar davolash muassasasi huquqiga ega bo‘lgan koloniyalarga yoki mahkumlar uchun mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan kasalxonalarga yuboriladi, shuningdek ular O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtirilishi mumkin.

374-4. Mahkum og‘ir kasallikka chalingan taqdirda, JIEM ma'muriyati mahkumning roziligi bilan uning yaqin qarindoshlariga yoki mahkumning o‘zi ko‘rsatgan boshqa shaxslarga bu haqda darhol xabar beradi.”.

Quyidagi mazmundagi 396-1-band bilan to‘ldiriladi:

“396-1. Tarbiyaviy ishlar bosqichma-bosqich, quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

mahkum JIEMga kelgan vaqtda uning psixologik qiyofasini, tuzalish yo‘liga o‘tishga moyilligini aniqlash maqsadida uni dastlabki tarzda o‘rganish;

mahkumlarning ongini o‘zgartirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish, ularda sodir etgan jinoyatidan pushaymon bo‘lish hissini uyg‘otish;

mahkumlarning talab mavjud bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklarga oid kasbiy ta'limini tashkil etish, o‘qishni tugallaganidan so‘ng tegishli hujjat berish hamda ularni keyinchalik ishga joylashtirish.”.

437-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“437. Mahkumlar quyidagi hollarda intizomiy javobgarlikka tortilmaydilar:

mehnat normalarini bajarmaganligi uchun, agar bu ishni rad qilish yoki ishdan bo‘yin tovlash oqibati bo‘lmasa;

mahkum ruhiy holati buzilishining bevosita oqibati hisoblangan biror-bir qoidabuzarligi uchun.”.

441-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“441. Intizomiy jazo qo‘llash chog‘ida huquqbuzarlik sodir etilgan holat, mahkumning xulq-atvori va shaxsiy xislatlari, uning xulq-atvoriga va qoidabuzarlik yoki qilmish sodir etishga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan, intizomiy choralar qo‘llash uchun sabab bo‘lgan ruhiy holati buzilishining mavjudligi, shuningdek olib tashlanmagan va bekor bo‘lmagan intizomiy jazolari bor-yo‘qligi intizomiy jazoni qo‘llash chog‘ida inobatga olinadi.”.

500-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“500. JIEM ma'muriyati ayni bir vaqtda ustidan ichki ishlar organlarining ma'muriy nazorati o‘rnatilishi zarur bo‘lgan shaxslarni aniqlaydi va O‘zbekiston Respublikasining “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma'muriy nazorat to‘g‘risida”gi Qonunida  (Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, 03.04.2019 y., 03/19/532/2873-son) belgilangan tartibda sudga tegishli taqdimnoma kiritadi.”.

504-bandning to‘rtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“ma'muriy nazorat o‘rnatilgan shaxsni JIEMdan ozod qilishdan oldin u tanlagan yashash joyidagi ichki ishlar organiga sudning ma'muriy nazorat o‘rnatish to‘g‘risidagi qarorini ushbu shaxs yetib boradigan vaqt to‘g‘risida yozma ravishda xabar qilgan holda yuboradi.”.

Ko‘proq yangiliklar: