Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini qayta tayyorlash instituti tashkil etiladi 

O‘zbekiston 10:22 / 24.04.2019 2871

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari shtat birligi va moliyalashtirishning amaldagi tartibi saqlangan holda institutning hududiy filiallari hisoblanadi.

Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

zamonaviy sharoitlarda mahalla xodimlarining kasbiy bilim va saviyasiga qo‘yilayotgan talablarni hisobga olgan holda malakasini oshirish;

mahalliy boshqaruv va hududiy rivojlanish sohasidagi o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda chuqur va amaliyotga yo‘naltirilgan bilimlarni, shuningdek, davlat va hududiy dasturlarni hamda normativ-huquqiy hujjatlarni sifatli ijro etish ko‘nikmalarini shakllantirish;

mahalla xodimlarida faoliyatni rejalashtirish va ish rejalari (“yo‘l xaritalari”) ni sifatli bajarish ko‘nikmalarini shakllantirish;

malaka oshirish kurslari va o‘quv-amaliy seminarlar jarayonida aniqlangan muammolar bo‘yicha axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash;

mahallani noyob tuzilma sifatida o‘rganishga yo‘naltirilgan tadqiqotlarni muvofiqlashtirish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini va hududiy filiallarni o‘quv-uslubiy adabiyotlar bilan ta'minlab borish.

Quyidagilar Institut va uning hududiy filiallari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalari bo‘yicha ajratiladigan grantlar;

xalqaro moliya institutlari va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari;

tadqiqotlar o‘tkazishdan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Ko‘proq yangiliklar: