Bojxona yo‘laklarida tovarlar qanday ko‘rikdan o‘tkaziladi?

O‘zbekiston 12:34 / 24.04.2019 8284

Davlat bojxona qo‘mitasining qarori bilan Tovarlarni bojxona ko‘zdan kechiruvi va bojxona ko‘rigidan o‘tkazishda hamda namuna va (yoki) sinamalar olishda bojxona tartib-taomillarini amalga oshirish to‘g‘risidagi yo‘riqnoma tasdiqlandi. Bu haqda Norma yozmoqda.

Hujjat o‘z kuchini yo‘qotgan Tovar va transport vositalarining bojxona ko‘zdan kechiruvi hamda ularni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish bo‘yicha yo‘riqnoma o‘rniga qabul qilindi.  

Prezidentning 24.11.2018 yildagi PF–5582-son farmoni bilan bojxona nazorati sohasiga to‘rtta yo‘lakni: «sariq» va «qizil» (1.12.2018 yildan), «yashil» va «ko‘k» (1.03.2019 yildan) qo‘llagan holda xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi joriy etildi. Yangilikdan maqsad – tovarlarni yoppasiga emas, balki tanlab bojxona nazoratidan o‘tkazish, bu TIF ishtirokchilari uchun ma'muriy to‘siqlarni kamaytirish imkonini beradi. Tanlab ko‘rikdan o‘tkazish doirasida ko‘rikdan o‘tkazish tartib-taomillari aynan qanday o‘tkazilishi kerakligi – qabul qilingan Yo‘riqnomada belgilangan.    
 
Bojxona ko‘rigidan (plombalarni, muhrlarni yoki bojxona identifikatsiyalashining boshqa vositalarini, shuningdek tekshirilayotgan obektlarning butligini buzgan holda) xavf darajasi yuqori ko‘rsatkichga ega hamda «qizil» yo‘lakda rasmiylashtiriladigan tovarlar va transport vositalari o‘tkaziladi. Qolgan yo‘laklarda rasmiylashtiriladigan obektlar ular to‘g‘risidagi ma'lumotlarni, shuningdek qo‘yilgan identifikatsiyalash vositalari mavjudligini tasdiqlash uchun tashqi tomondan ko‘zdan kechiriladi.
 
Xavf darajasi va tegishli yo‘lak avtomatlashtirilgan tizim tomonidan TIF ishtirokchilarini toifalarga ajratish, xavf profillari yoki tasodifiy tanlov asosida aniqlanadi.
 
Shu tariqa, bojxona ko‘rigi quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

• avtomatlashtirilgan tizim tomonidan buyurilganda;
• DBQga boshqa huquqni muhofaza qilish organlari yoki davlat boshqaruvi organlaridan tushgan materiallar, shuningdek xorijiy davlatlarning bojxona va boshqa davlat organlari va xalqaro tashkilotlardan olingan ma'lumotlar mavjud bo‘lganida;
• bojxona nazoratining boshqa shakllarini qo‘llash natijasida bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilganligi alomatlari mavjudligi ma'lum bo‘lganida;
• bojxona nazorati ostidagi tovarlar bitta transport vositasidan boshqa transport vositasiga yoki ushbu transport vositasiga qayta yuklanayotganda. Bu holda, shuningdek avtomatlashtirilgan tizim qo‘llanganda bojxona xodimining raporti va bojxona posti boshlig‘ining yozma ruxsati mavjud bo‘lishi talab etilmaydi.
 
Avtomatlashtirilgan tizimda nazarda tutilmagan hollarda bojxona ko‘rigi o‘tkazilsa, unga bojxona posti boshlig‘ining yozma ruxsati (asosini ko‘rsatgan holda) kiritiladi va belgilangan yo‘lak o‘zgartiriladi.
 
Bojxona ko‘rigi boshlanishidan oldin bojxona xodimi elektron yoki yozma ravishda bojxona ko‘rigi o‘tkaziladigan joy va vaqt to‘g‘risida deklarantga xabar beradi. Olib kiriladigan tovar DBQ markaziy apparatiga ulangan videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan joylardagina ko‘rikdan o‘tkaziladi. Videoyozuvlar 3 oy davomida saqlanadi.
 
Tovar xususiyatlari haqidagi ma'lumotlar yetarli bo‘lmagan yoki uni identifikatsiyalash imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda bojxona organining mansabdor shaxsi bojxona ekspertizasini tayinlab, tovardan namuna va (yoki) sinamalar oladi. Tartib-taomil O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan tovarlar probalari va namunalari bilan bojxona organlari tizimida muomala qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga muvofiq o‘tkaziladi.
 
Ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida xizmat itlari va texnik vositalardan foydalanish, tovarning deklarant tomonidan ko‘zdan kechirilishi, dalolatnoma rasmiylashtirish, shuningdek qayta, qo‘shimcha ko‘rikdan o‘tkazish tartibi ham belgilangan.
 
Hujjat 19.04.2019 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: