Bojxona postlarida yirik transportlarning o‘tishi uchun to‘lovlarni avtomatik hisoblaydigan tizim yaratiladi 

O‘zbekiston 08:18 / 24.04.2019 2547

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda ma'muriy tartib-taomillarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi:

bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan birgalikda bojxona postlarida O‘zbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan og‘ir yuk tashuvchi va yirik gabaritli transport vositalarining o‘tishi uchun to‘lovlarni avtomatik ravishda hisoblashni amalga oshiruvchi tizimni yaratadi va uning faoliyat yuritishini ta'minlaydi;

bojxona postlari orqali kesib o‘tish vaqti to‘g‘risidagi har oylik statistik ma'lumotni har bir bojxona posti kesimida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi rasmiy veb-saytida e'lon qilish uchun har bir avtotransport vositasining kirish va chiqish vaqtini avtomatlashtirilgan qayd etish tizimini, shuningdek, yuk transport vositalarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktida bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini taqsimlash imkoniyatini beradigan navbatlarni boshqarish elektron tizimini joriy etish orqali bojxona postlarida avtotransport vositalari bo‘lish vaqtining cheklangan muddatini belgilaydi;

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi bilan birgalikda tovarlarning alohida turlari uchun mo‘ljallangan laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan va eng optimal manzillarda joylashtirilgan maxsus o‘tkazish punktlari va bojxona postlarini tashkil etish masalasini o‘rganib chiqadi va zarur hollarda ularning ochilishini ta'minlaydi;

uch oy muddatda Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari va vakolatli organlar bilan birgalikda chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan o‘tishning aniq muddatlarini (daqiqalarda) belgilashni, bojxona posti hududiga kirish va chiqish vaqtini qayd etish, shuningdek, bir-birini takrorlovchi nazorat funksiyalarini bekor qilishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida tekshiruv tartib-taomillaridan o‘tish reglamentini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

tovarlarning bojxona qiymatini xatarlarni boshqarish tizimining xavf ko‘rsatkichlari qatoriga kiritsin, shuningdek, qonunga xilof maqsadlarda davlat bojxona xizmati organlari mansabdor shaxslari tomonidan mezonlarni manipulyatsiya qilishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha aniq choralar ko‘radi;

vakolatli organlar bilan birgalikda muammoli masalalarni yechish uchun tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonlarining soddalashtirilishi bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida yiliga ikki marta Tarif va notarif tartibga solish kengashining yig‘ilishlarida hisobot taqdim etib boradi.

Ko‘proq yangiliklar: