Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
U kimga taalluqli?
Eslatib o‘tamiz, yirik soliq to‘lovchilar – quyidagi mezonlardan kelib chiqib soliq ma'muriyatchiligi ostiga tushadigan ayrim toifadagi yuridik shaxslar:
• soliq davri yakuni bilan hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar summasi EKIHning 200 ming baravaridan kam bo‘lmagan;
• tovar aylanmasi hajmi EKIHning 300 ming baravaridan kam bo‘lmagan;
• jami aktivlari qiymati EKIHning 100 ming baravaridan kam bo‘lmagan.
Kimlar nazorat qilinadi?
Avvaliga yirik soliq to‘lovchilarning soliq ma'muriyatchiligiga doir funksiyalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar DSBga berildi. So‘ng ular Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasiga o‘tdi. Bunda «qaramog‘idagilar» joylashgan va faoliyat yuritayotgan joy ahamiyatga ega emas.
Quyidagilar Inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
birinchidan, yirik soliq to‘lovchilar hisobini tashkil etish va ulardan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘liq tushishini ta'minlash;
ikkinchidan, yirik soliq to‘lovchilar faoliyatida soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi bo‘yicha soliq nazoratini tashkil etish, xususan:
• kameral nazorat, shuningdek yirik soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar ishonchliligini hamda soliq to‘lovchining hisobotlarida aks ettirilgan soliq va bojxona imtiyozlari qo‘llanilishining qonuniyligini tasdiqlash uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda joyiga chiqqan holda mavzuli ekspress-o‘rganishlarni amalga oshiradi (Soliq kodeksining 70, 71-2-moddalari);
• hisobotlarda ko‘rsatilgan ishchilar soni bilan haqiqatda ishlovchilar soni, shuningdek ishlab chiqarish hajmlarining mos kelishi masalalari bo‘yicha yirik soliq to‘lovchilar faoliyati monitoringini olib boradi. Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi aniqlangan holatlarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularning oldini olish va bartaraf etish choralarini ko‘radi (Soliq kodeksining 71-1-moddasi);
• eksport-import operatsiyalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida nazoratni amalga oshiradi;
• QQS bo‘yicha nol darajali stavka qo‘llanilishining asosliligi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi (Soliq kodeksining 38-bobi);
• soliq tekshiruvlari (Soliq kodeksining 14-bobi). Moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) davomida buxgalteriya hisoblarini va moliyaviy hisobotlarni tekshiradi, xomashyo, materiallar, yarim tayyor mahsulotlar va tayyor buyumlarni tortib ko‘radi va o‘lchaydi, xomashyo, materiallar va tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishda nazorat tariqasida ishlatib ko‘radi, tekshiradi;
• soliq to‘lovchilardan yoki ularning mansabdor shaxslaridan tushuntirishlar oladi, mol-mulk mavjudligini tekshiradi, hududlarni, ishlab chiqarish, omborxona, savdo binolarini va boshqa binolarni, sh.j. daromadlar olish uchun foydalaniladigan yoxud soliq solish obektini saqlash bilan bog‘liq joylarni ko‘zdan kechiradi yoki tekshiradi;
• pul mablag‘lari va moddiy boyliklarning buxgalteriya hisobini yuritishning belgilangan tartibiga rioya qilinishini, korxonalar hududiga moddiy boyliklarni olib kirish va u yerdan olib chiqishda korxonalarda ruxsat berish tizimi ishlarining tashkil etilishi holatini tekshiradi;
uchinchidan, yirik soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik asosida servis-texnik xizmat ko‘rsatilishini amalga oshirish;
to‘rtinchidan, yirik soliq to‘lovchilar ma'muriyatchiligi doirasida soliqqa oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, aniqlash va oldini olish bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish.
Inspeksiyaning o‘zini kim nazorat qiladi?
Inspeksiyaning tuzilmasi va shtatdagi xodimlari sonini prezident Administratsiyasi bilan kelishilgan holda DSQ raisi tasdiqlaydi. Uning boshlig‘i xuddi shu tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Inspeksiya boshlig‘i uning faoliyati to‘g‘risida DSQ raisi oldida muntazam ravishda hisobot beradi. DSQ raisining o‘rinbosarlari Inspeksiya rahbarlarini nazorat qilib boradilar. DSQ har chorakda Inspeksiya ishini baholaydi. Natijalar bo‘yicha uning rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlik choralarini qo‘llash masalasi hal etiladi.
Hujjat 17.04.2019 yildan kuchga kirdi.