Urush ostonasida turgan davlatlar

Jahon 15:50 / 23.04.2019 83410

Dunyoda urush o‘choqlari talaygina. Afg‘oniston, Suriya, Iroq, Yaman kabi davlatlar shular jumlasidandir. Lekin yaqin vaqt ichida faol harbiy harakatlar boshlanishi ehtimoli yuqori bo‘lgan shunday hududlar borki, arzimas sabab ham u yerda uzoq muddat qon to‘kilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Venesuela

Bu mamlakat iqtisodiy bo‘hronning eng og‘ir shaklini boshdan kechirmoqda. Kamiga davlat boshqaruvida qo‘shhokimiyat ham yuzaga kelganki, bu holat fuqarolar urushi kelib chiqishi uchun mos muhit yaratadi. Ichki urush bitta uchqunni kutib turgan bir paytda tashqi kuchlar ham bor. Venesuelaning bevosita qo‘shnisi Kolumbiya bilan munosabatlari ham juda yomon, AQSh bilan munosabatlarda esa ochiq urushdan boshqa har qanday ziddiyat bo‘lib o‘tgan. Agar ichki holat hukumat almashinuvini ta'minlay olmasa, aynan chegaralardagi inson huquqlari bo‘yicha holatga asoslangan va AQSh ko‘magiga tayangan Kolumbiyaning harbiy aralashuvi ehtimoli katta.

Yaqin Sharq, Isroil chegaralari

Bu hududda qachondir tinchlik bo‘lgani hammaning esidan ham chiqib ketgan va qachonlardir tinchlik bo‘lishi mumkinligiga ham hech kim ishonmaydi. Ammo endi harbiy harakatlarning chegaralardagi to‘qnashuvlar doirasidan chiqib, keng miqyosda olib borilishi ehtimoli katta. Buning bir necha sabablari bor. Ko‘plab davlatlar qatori Isroil ham Suriyadagi Bashar Asad rejimining ag‘darilishidan umid qilgandi. Ammo Rossiyaning harbiy aralashuvi bilan Asad nafaqat prezidentlikni saqlab qoldi, balki o‘z hokimiyatini mustahkamlab ham oldi. Isroil bunga chiday olmasligini amalda ko‘rsatib bo‘ldi va Suriya hududini bombardimon qilishga ham ulgurdi. Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasidagi Jo‘lan tepaliklari muammosi ham har qachongidan-da keskinlashdi. Hududdagi Isroilga qarshi kuchlarning birlashishi, HAMAS, «Hizbulloh» kabi guruhlarning ochiq urushga kirishishi ehtimoli juda yuqori. Ammo tarixdan ma'lumki, Isroilga qarshi urushlar ko‘pincha mag‘lubiyat bilan yakunlanib, yahudiylar davlatining yanada kengayishi bilan yakunlangan.

Liviya

Liviyada bu jarayon faol fazaga kirib bo‘ldi, deb aytish mumkin. Garchi Xalifa Haftarning Tripoliga yurishi boshlanganiga ancha bo‘lgan bo‘lsa-da, hozirga qadar bir-biriga qarshi kuchlar umumiy maydonda to‘qnashmadi va urush asosan chekinish hamda mudofaa shaklida kechmoqda. Bundan tashqari, oxirgi paytlarda chetdan bo‘lgan bosim tufayli Haftar armiyasi ham eng muhim pallada to‘xtashni afzal bildi. Lekin bu tinchlik juda muvaqqat va mo‘rt, sababi Liviya o‘zi shundoq ham norasmiy tarzda bir necha bo‘lakka bo‘linib ketgan – parlament, IShID terrorchilari, Qazzofiy tarafdorlari va turli-tuman qabilalar davlat ichida davlat tuzib olishgan. Demak, yaxlit davlat tiklash yo‘lidagi har qanday harakat kimningdir manfaatlariga zid kelishi tayin va Liviyadagi keng miqyosdagi urush shu yilning o‘zida faol shaklga kirishi mumkin.

Koreya yarimoroli

Bu hudud ham bir uchqunga mahtal qurollar maydonidir. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda avval tasavvur qilish mumkin bo‘lmagan darajadagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Kim Chen In Janubiy Koreya prezidenti bilan va hatto AQSh prezidenti bilan bir necha bor uchrashdi. Butun dunyo bu uchrashuvlarni tinchlik yo‘lidagi katta qadam deya baholadi. Ammo so‘nggi muhokamalarning keskin to‘xtatilishi, Kim Chen Inning Putin bilan uchrashish maqsadida Rossiyaga tashrif buyurayotgani, AQSh davlat kotibi Pompeoning bu uchrashuvlardan keyin ham Shimoliy Koreyaga nisbatan g‘animlik ruhidagi so‘zlari hali aytarli hech narsaga erishilmaganini anglatadi.

Ko‘pchilikni shunchalik yopiq va g‘alati tuzum o‘rnatilgani holda Shimoliy Koreya davlati hamon saqlanib qolayotgani siri qiziqtiradi. Gap shundaki, bu tuzum saqlanib qolishidan deyarli hamma, hatto Shimoliy Koreyaning dushmanlari ham manfaatdor. Janubiy Koreya bunchalik qoloq qondoshi bilan qo‘shilish o‘z iqtisodini barbod qilishini yaxshi anglaydi, Xitoy o‘z chegarasiga Janubiy Koreya, buning ortidan AQSh harbiy kuchlari kelishini istamaydi, AQShga doimiy dushman borligini bildirib, hududda o‘z harbiy kuchlarini saqlab turish va atrofdagi davlatlarga o‘z so‘zini o‘tkazish juda muhim, azaldan Koreya bilan raqobatlashib kelgan Yaponiyaga umumiy Koreya paydo bo‘lishi xavf tug‘diradi. Va nihoyat Rossiya uchun eng katta raqobatchisi AQSh izmiga bo‘ysunmaydigan davlat borligi katta ahamiyat kasb etadi. Demak, bu tuzum ag‘darilib ketishini hali beri kutmasa ham bo‘ladi, lekin hududiy miqiyosdagi harbiy to‘qnashuvlar ehtimoli saqlanib turibdi.

Eron

Bu davlat va AQSh o‘rtasidagi ziddiyat tarixi juda uzun. Eron tan olinmagani holda atom quroliga ega bo‘lgani to‘g‘risidagi ma'lumotlar ortidan o‘zaro munosabatlar butunlay boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Yillar davomidagi muttasil sanksiyalarga qaramay AQSh va uning tarafdorlari shu paytga qadar ochiq harbiy aralashuvdan tiyilib kelardi. Ammo AQSh tomonidan Eron harbiy salohiyatining asosi, tuzum saqlanishining kafolati bo‘lgan tuzilma – Inqilob Askarlarining terrorchilik tashkiloti deya malakalanishi hududdagi vaziyat keskinlashganini anglatadi. Bunday vaziyatda Eronga azaldan tish qayrab yurgan Isroilning ham harbiy aralashuvi ehtimoli katta

Rossiya-Ukraina

Ko‘pchilikning fikricha, urushga asoslar yetarli bo‘lgan vaziyat aynan shu ikki davlat o‘rtasida ham tug‘ilgan. Uzoq yillar davomida qondosh og‘a-ini bo‘lgan davlatlarning bugun birinchi raqamli dushmanga aylanib qolganlari bejizga emas. Ukraina Rossiyadan kechib g‘arb davlatlarining etagidan tutdi, bunga javoban Rossiya Qrim va Sevastopolni o‘ziga qo‘shib oldi, chegaradosh hududlarda harbiy harakatlar boshlandi.

Bu o‘rinda Ukrainani ochiq urushga undaganlar ko‘p bo‘ldi. Ammo kuchlar mutlaqo teng emasligi, Rossiyaning ulkan harbiy qudrati va urush masalaning yechimi emasligini tushungan siyosatchilar bunday yo‘l tutmadi. Yangi prezident Vladimir Zelenskiyning ham rejasida harbiy harakatlar bo‘lmasa-da, vaziyat o‘zgarishi, chegaradagi ziddiyatlar yana faollashishi mumkin.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: