Qo‘qonda xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkaziladi

O‘zbekiston 17:27 / 23.04.2019 5481

Joriy yilning 10-15 sentabr kunlari Qo‘qon shahrida xalqaro hunarmandchilik festivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Hunarmandlar uyushmasi rahbariyati matbuot anjumanida batafsil ma'lumot berdi.

Hunarmandlar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Rabimqulov festivalning maqsadlari xususida to‘xtalib o‘tdi. 

«Mazkur yirik masshtabli tadbir orqali unutilayotgan hunarmandchilik qadriyatlarini tiklash, ustoz-shogird an'anasini faol davom ettirish, milliy hunarmandchiligimiz bilan jahon hamjamiyatini tanishtirishni maqsad qilganmiz. Festival ko‘rik-tanlov shaklida bo‘lib o‘tadi. «Eng yaxshi hunarmand»  , «Eng yosh hunarmand» , «Eng yaxshi hunarmandchilik maktabi vakili» , «Qadimiy hunarmandchilik turini tiklagan hunarmand», «Qadimiy sulola davomchisi»  nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi. Shuningdek, festival doirasida ilmiy konferensiya, mahorat darslari, ko‘rgazmalar, sayillar hamda konsert dasturlari namoyishi belgilangan» , —  deydi u.

Festivalda hunarmand sifatida ishtirok etmoqchi bo‘lganlar, ilmiy konferensiyaga qiziqish bildiruvchi mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari handicrafters.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Ishtirokchilar saralash jarayoni uchun o‘z mehnat mahsullarining foto va videolarini joylashlari talab etiladi.

Ma'lum qilinishicha, 5 kun davom etadigan mazkur festivalda 80ga yaqin mamlakatdan 180 nafar saralangan hunarmand ustalar ishtirok etishi kutilmoqda. Ularning festival bilan bog‘liq xarajatlari tashkiliy qo‘mita tomonidan qoplanadi. Yana boshqa qiziquvchilar ham o‘z mablag‘i asosida qatnashishi mumkin.

Respublika bo‘yicha ming nafar mahalliy hunarmand ham festivalda qatnashishi rejalashtirilgan. 

«O‘z ishlari bilan ko‘zga ko‘ringan mahalliy hunarmandlarning har bir qatlamidan – xoh keksa, xoh yosh, xoh erkak, xoh ayol – jalb etilishi ko‘zlangan», —  deydi uyushma raisi o‘rinbosari Akobir Hakimov.

Qo‘qon shahar hokimi o‘rinbosari Aziz Muhammadiyevning bayon qilishicha, shaharda festival oldi ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. 

«Festival mehmonlari uchun barcha qulayliklarga ega infratuzilma yaratilishi borasida faol harakatlar amalga oshirilmoqda», —  deydi u.

Anjumanda bildirilishicha, festival tashkiliy ishlari Xalqaro hunarmandlar kengashi (World Craft Council) bilan hamkorlikda olib borilmoqda.

Ma'lumot uchun, 2018 yil 1 noyabrdagi «Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida»gi Prezident Qaroriga asosan milliy hunarmandchilikning yirik va qadimiy maktablaridan biri hisoblangan Qo‘qon shahrida an'anaviy tarzda har ikki yilda bir marta xalqaro miqyosda hunarmandchilik festivalini o‘tkazish belgilangandi.

Ko‘proq yangiliklar: