Qanday normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamadan o‘tkazilmasligi ma'lum bo‘ldi

O‘zbekiston 16:18 / 23.04.2019 4482

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018 yil 13 apreldagi PQ–3666-son qarori bilan 2018 yil 1 maydan boshlab barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirilishi belgilangan.

Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanadi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlarning rahbarlari mazkur qaror talablariga so‘zsiz rioya qilinishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida ishlab chiqish topshirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqish jarayoni ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmini O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy etilishini ta'minlaydi;

Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, quyidagilar ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazishning maqsadlari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini ta'minlash;

foyda, xarajat va kutilayotgan natijalar tahlilini hamda ularning jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va manfaatlariga, ijtimoiy sohaga, tadbirkorlik faoliyatiga, atrof-muhit holatiga ta'sirini, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni baholash imkonini yaratish;

ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasida va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korrupsiya, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan, tadbirkorlik sub'yektlari uchun ortiqcha ma'muriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan yoki joriy etishga sharoit yaratadigan qoidalarni aniqlash;

idoralarning norma ijodkorligi faoliyatini ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifati, ularning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, shuningdek, samarasiz tartibga solish oqibatida fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlari ko‘rgan foyda va chiqimlardan (shu jumladan zarar va ziyon) kelib chiqqan holda baholashning samarali tizimini joriy etish.

Barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiquvchilar tomonidan jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish uchun Yagona portalga joylashtirilishi lozim, ba'zi hollar bundan mustasno.

Ishlab chiquvchilar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar (idoraviy va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlardan tashqari) loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish uchun Yagona portalga joylashtirish talabini bajarmaslik O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ushbu loyihalarni ishlab chiquvchiga huquqiy ekspertizadan o‘tkazmasdan qaytarilishiga asos bo‘ladi.

Ishlab chiquvchilar Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazmasdan qaytarilgan loyihani Yagona portalda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilganidan so‘ng Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun takroran taqdim etish huquqiga ega.

Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni baholash normativ-huquqiy hujjatlarning jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va manfaatlariga, ijtimoiy sohaga, tadbirkorlik faoliyatiga, atrof-muhit holatiga ta'sirini, shuningdek, yuzaga kelgan oqibatlarni baholash, ular tartibga soladigan tegishli yo‘nalish va masalalarni yanada takomillashtirish maqsadida:

qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning ishlab chiquvchilari tashabbusi bilan;

nodavlat notijorat tashkilotlarining takliflariga asosan;

davlat va boshqa vakolatli organlarning o‘z vakolati doirasiga kiritilgan tegishli yo‘nalish va masalalar yuzasidan takliflari, shuningdek ular tomonidan tartibga solinadigan masalalar bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslarning asoslantirilgan jamoaviy murojaati;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli topshiriqlari asosida amalga oshirilishi mumkin.

Quyidagi masalalarni o‘z ichiga olgan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilmaydi:

davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlar;

O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini o‘zgartirish;

favqulodda vaziyatlarning oldini olish yoki ularning oqibatlarini bartaraf etish;

xalqaro shartnomalarini tuzish, bajarish, to‘xtatib turish yoki to‘xtatish munosabati bilan tayyorlangan, shuningdek tashqi aloqalarni tashkil etishga taalluqli bo‘lgan;

mudofaa va davlat xavfsizligini ta'minlash, O‘zbekiston Respublikasini boshqa davlatlar bilan harbiy-texnik hamkorlikni amalga oshirish;

mansabdor shaxslarni tayinlash va vazifasidan ozod etish, shuningdek davlat boshqaruvi organlarining hay'ati a'zolarini tasdiqlash;

amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar qoidalarini yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqlashtirish.

Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasining yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning jamoatchilik muhokamasi jarayoni bo‘yicha tashabbus bilan chiqish, shuningdek muhokama ishtirokchilarining taklif va e'tirozlarini umumlashtirish va ko‘rib chiqish tegishli ishlab chiquvchilar tomonidan o‘zlari tasdiqlagan jadval asosida amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: