O‘zbekistonda Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etilmoqda. Bu «Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida nazarda tutilgan.
Qarorga muvofiq quyidagilar belgilandi:
ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi o‘zlari yashab turgan turar joylarni ular Mehribonlik uylariga joylashtirilgan, vasiylikka yoki homiylikka oluvchi bilan birga yashayotgan butun vaqt mobaynida, o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar bronlashtirish huquqi beriladi;
bolalarning ro‘yxatda turish joyi va fuqaroligidan qat'i nazar, ularga barcha ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi;
bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini to‘liq ko‘rib chiqish kafolatlanadi va bola to‘liq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni ko‘rmasdan qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
14 yoshga to‘lgan bola o‘zining ta'minoti uchun bir vaqtning o‘zida ota-onaning har ikkalasidan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da'vo qo‘zg‘atishga haqli;
bolalarni himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilgan da'vogar davlat boji va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan ozod qilinadi.
Hujjat bilan Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning iyul oyida O‘zbekistonda bolalar ombudsmani faoliyati yo‘lga qo‘yilishi mumkin ekani, u prezident huzurida tashkil etilishi haqida xabarlar tarqalgandi.
Ma'lumot uchun: bugun dunyoning 30 dan ortiq davlatlarida Bolalar ombudsmani faoliyat yuritadi. Ularning asosiy vazifasi Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini qonunchilikka tatbiq etish, bolaning shaxsi, sha'ni, qadr-qimmati, huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlari himoyasiga butun jamiyat va davlatni faol jalb etishdan iboratdir.