O‘zbekiston Osiyo va Tinch okeani hududlari bo‘yicha ta'limni tan olish Tokio Konvensiyasiga qo‘shiladi

O‘zbekiston 16:37 / 23.04.2019 2164

23 aprel kuni Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining Osiyo va Tinch okeani hududlari bo‘yicha ta'limni tan olish Tokio Konvensiyasiga qo‘shilish masalasiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Ushbu tadbirda YuNeSKO tomonidan taklif etilgan xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi, deb xabar berdi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuo xizmati. 

Xabarda aytilishicha, seminarda O‘zbekistonda amalda bo‘lgan xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risida hujjatlarni tan olish bo‘yicha me'yorlarni xalqaro talablarga moslashtirish, Milliy axborot markazini tashkil etish, ularning elektron bazasini yaratish, xalqaro elektron bazalarga ulanish, Xalqaro konvensiyalar, jumladan Tokio Konvensiyasini ratifikatsiya qilish kabi masalalalar muhokama qilindi.

Ma'lumot berilishicha, Parijdagi YuNeSKO tashkiloti tomonidan “Ta'lim sohasidagi malakalarni tan olishga doir Global Konvensiya” loyihasi tayyorlanib muhokamadan o‘tkazilmoqda va u YuNeSKOning shu yilning noyabr oyida o‘tkaziladigan 40-yalpi Konferensiyasida qabul qilinishi rejalashtirilgan. Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiya mutaxassislari Parijda Global Konvensiya loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada qatnashib tajriba o‘rganib kelishgan edi.  

Bugun kunda ushbu masalada 58 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan Lissabon konvensiyasi hamda Osiyo va Tinch okeani hududlari bo‘yicha Tokio, Afrika davlatlari uchun Addis-Abeba Konvensiyalari amalda qo‘llanib kelinmokda. Barcha konvensiyalar YuNeSKO tomonidan muvofiqlashtiriladi. Muhokamadagi Global konvensiya loyihasi ulardan farqli ravishda hudud tanlamagan holda tartib belgilashga qaratilgan.

Foto: Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuo xizmati

2018 yil oktabr oyida Osiyo va Tinch okeani a'zo-davlatlari malakani tan olish orqali “oliy ta'lim mobilligi va xalqarolashuvining yangi davri”ni e'lon qildi (Seul bayonoti). 2018 yil 1 fevraldan kuchga kirgan ta'limni tan olish bo‘yicha Tokio konvensiyasi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi va undan tashqarida joylashgan davlatlar orasida talabalarning chegaralararo mobilligi masalasini siyosiy va amaliy jihatdan uyg‘unlashtirish imkoniyatlarini yaratadi. 

“Bugungi kunda hujjatlarni nostrifikatsiya qildirish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga bo‘layotgan murojaatlar soni yildan yilga oshib bormoqda. Jumladan, 2017 yilda 1219 ta murojaat bo‘lib, shundan 447 ta hujjat nostirifikatsiya qilingan bo‘lsa, 2018 yilda 2547 ta murojaatdan 1189 tasi nostrifikatsiya qilingan”, deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Prezidentining “Ta'lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida Ta'lim inspeksiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining qo‘shma qarori bilan xalqaro tan olingan tashkilotlarning reytingida birinchi 1000talikka kiritilgan oliy ta'lim muassasalari ro‘yxati tasdiqlandi. Unga ko‘ra ushbu OTMlari bitiruvchilarining ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarini nostrifikatsiyalash to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: