O‘zbekiston aholisining 2 foizi emlashga mutlaqo qarshi -  Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamiyat 20:11 / 23.04.2019 6064

O‘zbekiston aholisining 92 foizi emlash tarafdori, 2 foizi emlashga mutlaqo qarshi, 6 foizi esa bu borada aniq fikrga ega emas. YUNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida mamlakat aholisining vaksinalarga munosabati yuzasidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari ma'lum qilindi.

Unga ko‘ra, aholining 90 foizi vaksina kasallikning oldini oladi degan fikrda, 27 foizi vaksinalar aynan qaysi kasallikka qarshi ekanligi haqida ma'lumotga ega emas, 16 foizi u o‘limning oldini oladi deb o‘ylaydi, 8 foizi faqatgina tibbiyot xodimlari bergan ma'lumotlar yuzasidan xabardor, 9 foizi emlash nogironlikning oldini oladi deya tushunadi, 2 foizi esa vaksinalarni samarali va tejamli deb hisoblaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassisi Dilorom Tursunovaga ko‘ra, aholining vaksinalar haqidagi bilimi talab darajasida emas. 

«Masalan, O‘zbekiston qizamiqdan xoli hudud sifatida e'tirof etilgan. Lekin bu qizamiq hech qachon takrorlanmaydi, unga qarshi emlash keraksiz, degani emas» , deydi mutaxassis.

Tadqiqot natijalarining ko‘rsatishicha, odamlar olinayotgan vaksina aynan qaysi kasallikdan himoyalashi haqida ma'lumotga ega emas. Misol uchun, pnevmo vaksinasi pnevmokokdan qarshi himoyalashi haqida 76,7 foiz kishi bexabar.

O‘zbekistonda emlash taqvimiga muvofiq 13 turdagi xastalikka (tuberkulyoz, gepatit V, polivirus, difteriya, qoqshol, ko‘kyo‘tal, gripning gemofilik turi, pnevmoniya kasalliklari, o‘tkir respiratorli virusli infeksiya, qizamiq, tepki, qizilcha, inson papillomasi virusi) qarshi vaksinalar bepul tarzda o‘tkaziladi.

Tadqiqot xulosalariga ko‘ra, bola parvarishi bilan band bo‘lganlar, qishloq joylarida istiqomat qiluvchilar, mehnat muhojirlari hamda immunizatsiyaga qarshi bo‘lganlar bilan vaksinalar ahamiyati bo‘yicha ko‘proq shug‘ullanish lozim.

Ko‘proq yangiliklar: