Ot sporti. O‘zbekistonlik yosh chavandoz raqibini 0,01 soniyaga ortda qoldirib, xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi

Sport 15:56 / 23.04.2019 6145

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Allyur” ot sporti klubida uch kun davom etgan “FEI Jumping Children`s Classic Final-2019” xalqaro bolalar kubogi 21 aprel kuni yakuniga yetdi. Unda jahonning besh qit'asidagi 12 davlatdan chavandozlar ishtirok etdi.

«Musobaqa nufuzi ham juda yuqori, uni bemalol jahon chempionati bilan qiyoslash mumkin. Negaki “Allyur” ot sporti klubida kechgan qiziqarli bellashuvlarda oddiy sportchilar emas, balki o‘z mintaqasida nom qozongan, saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan eng iqtidorli chavandozlar ishtirok etdi», – deyiladi O‘zbekiston ot federatsiyasi xabarida.

Musobaqaning so‘nggi kunida ishtirokchilar balandligi 1 metr-u 10 santimetr bo‘lgan to‘siqlardan sakrash bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Shunisi e'tiborliki, ilk urinishda biryo‘la 10 (!) nafar yosh chavandoz deyarli bir xil natijani qayd etdi va g‘olibni aniqlash uchun yana qayta sakrashiga to‘g‘ri keldi. Ana shu 10 nafar omadli chavandoz safidan o‘zbekistonlik sportchilarning barchasi o‘rin olishgani ham diqqatga sazovor.

Ikkinchi urinishda o‘zbekistonlik Li Sofiya eng past natija ko‘rsatgan bo‘lsa, yana bir mezbon sportchi Abdurahmon Abdullayev 5-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Zokir To‘rajonov esa o‘zining Charlz Teron laqabli otida belgilangan masofani atigi 35 soniyada bexato bosib o‘tdi. Bu natija uni musobaqa peshqadamiga aylantirgandi. Ammo Zokirning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi, oradan ko‘p o‘tmay O‘zbekiston terma jamoasining yana bir vakili Miryoqub Ismoilov Ledi laqabli oti bilan undan-da yaxshiroq natija ko‘rsatdi.

Ko‘pchilik “FEI Jumping Children`s Classic Final-2019” musobaqasining oltin va kumush medallari mezbonlarga nasib etishini taxmin qilib turgan bir pallada ikkinchi bosqichning so‘nggi vakili rossiyalik Darya Kukushkina Kardinal laqabli tulporida ajoyib chiqishi bilan Miryoqubdan atigi 0,01 soniyaga ortda qolgan holda yakunda ikkala o‘zbekistonlik chavandoz orasidan joy oldi.

1. Miryoqub Ismoilov, 2. Darya Kukushkina, 3. Zokir To‘rajonov

Shu tariqa, musobaqada O‘zbekiston chavandozlari oltin hamda bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Rossiyalik Darya Kukushkina esa o‘zining dastlabki xalqaro musobaqasida ajoyib natija qayd etdi. U dastlabki kungi musobaqalarda oltin, shanba kuni esa bronza, yakshanbada kumush medal sohibasiga aylandi.

Musobaqaning yopilish marosimida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Ko‘proq yangiliklar: