Haftar kuchlari Tripoli uchun jangning yangi bosqichini boshladi

Jahon 07:50 / 23.04.2019 8764

Feldmarshal Halifa Haftar qo‘mondonligi ostidagi Liviya milliy armiyasi poytaxt Tripoliga yurishining 2-bosqichini boshladi. Bu haqda milliy armiya vakili, general-mayor Ahmad al-Mismariy ma'lum qildi. 

Generalning ta'kidlashicha, armiyaning harbiy tezkor shtabi piyoda qo‘shinlar 1-bosqichda qo‘yilgan vazifalar bajarilgani haqida hisobot bergach, 2-bosqichni boshlagan. Qo‘yilgan vazifalar orasida hududni tozalash va Milliy kelishuv hukumati qo‘shinlarining asosiy va qo‘shimcha pozitsiyalarini aniqlash bo‘lgan.

Al-Mismariy Tripolidagi hukumat kuchlari boy berilgan pozitsiyalarni qaytara olgani haqidagi ma'lumotni rad etgan. Uning aytishicha, milliy armiyaning sekin siljishi operatsiya aholi zich hududlarda o‘tayotgani bilan bog‘langan.  

EFE axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Tripoliga hujumning kuchaytirilishi Ramazon oyi yaqinlashayotgani va tomonlar ushbu muqaddas oyda yarashuvga rozi bo‘lishlari mumkinligi bilan bog‘langan. 

Haftar Tripoliga yurishga 4 aprelda buyruq bergandi. Uning bo‘linmalari Tripolidan janubda joylashgan G‘aryon va Surman shaharlari ustidan nazorat o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan. 

Ko‘proq yangiliklar: