Davstatqo‘m: O‘zbekiston YaIM 2019 yil I chorakda 5,3 foizga o‘sdi 

Iqtisodiyot 10:49 / 23.04.2019 12445

2019 yilning yanvar – martida O‘zbekiston Respublikasi YaIM hajmi joriy narxlarda 91 097,7 mlrd. so‘mni tashkil etdi va 2018 yilning yanvar – marti bilan taqqoslaganda 5,3%ga o‘sdi. 

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, YaIM deflyatori indeksi 2018 yilning yanvar – martidagi narxlarga nisbatan 120,4 foizni tashkil etdi. Aholi jon boshiga hisoblangan YaIM 2 734,4 ming so‘mni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,4%ga yuqori.

Iqtisodiy o‘sish sur'ati iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy dinamika bilan bog‘liqdir. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat (YaQQ) hajmi YaIM umumiy hajmining 88,7%ini tashkil etdi va 5,2%ga o‘sdi (YaIM mutlaq o‘sishiga ta'siri 4,5 foiz punktni tashkil etdi). Mahsulotlarga sof soliqlarning YaIM tarkibidagi ulushi 11,3%ni tashkil etdi va 5,8% darajasida o‘sish qayd etildi (YaIM mutlaq o‘sishiga ta'siri 0,8 f.p.). 

YaIM o‘sish sur'atiga xizmatlar sohasi eng katta ta'sir ko‘rsatdi (2,0 f.p.) va bu soha o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,0%ga o‘sdi. Shundan, savdo xizmatlari (avtotransport vositalarini ta'mirlashni qo‘shgan holda) 4,2%ga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar 3,7%ga, tashish va saqlash 4,6%ga, axborot va aloqa 2,7%ga va boshqa xizmatlar 5,7%ga o‘sdi. 

Sanoat tarmog‘ining qo‘shilgan qiymatida 6,8%lik o‘sish qayd etildi. Sanoat ishlab chiqarishining YaIM mutlaq o‘sish sur'atiga ijobiy ta'siri 1,8 f.p. darajasida baholandi. Sanoat tarmog‘idagi ijobiy dinamika tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash tarmog‘i qo‘shilgan qiymatining 4,8%ga, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoat tarmog‘i qo‘shilgan qiymatining 7,6%ga va boshqa sanoat tarmoqlarining 5,5%ga o‘sishi hisobiga ta'minlandi. 

2019 yilning yanvar – marti yakunlari bo‘yicha, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoati qo‘shilgan qiymati tarkibida eng katta ulush metallurgiya va metallni qayta ishlash sanoatiga (mashina va uskunalardan tashqari) to‘g‘ri keldi va 36,7%ni tashkil etdi. To‘qimachilik mahsulotlari, kiyim, teri va unga tegishli mahsulotlar ishlab chiqarishning ulushi 14,6%, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish - 13,6%, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish - 8,7%, rezina, plastmassa buyumlar va boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish - 8,4%, avtotransport vositalari, treylerlar, yarim pritseplar hamda boshqa transport uskunalari ishlab chiqarish - 6,3%, elektr uskunalar ishlab chiqarish - 2,8% va ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoatining boshqa mahsulotlarini ishlab chiqarish - 8,9%ni tashkil qildi. 

Qurilish ishlari hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 5,9%ga o‘sdi. YaIMning mutlaq o‘sishida qurilish tarmog‘ining ijobiy hissasi 0,3 f.p. darajasida baholandi. 2019 yilning yanvar – marti yakunlariga ko‘ra, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 2,5% darajasida ijobiy o‘sish qayd etildi. Mazkur tarmoqning YaIM mutlaq o‘sish sur'atiga ta'siri 0,4 f.p.ni tashkil etdi. 

2019 yilning yanvar – martida YaIM deflyatori indeksi 2018 yilning mos davridagi narxlarga nisbatan 120,4%ni tashkil etdi. YaIM deflyatori indeksining eng yuqori ko‘rsatkichlari sanoat tarmog‘ida (138,2%) va boshqa xizmatlarda (129,5%) qayd etildi. 

Respublikaning o‘rtacha darajasidan past bo‘lgan deflyator indekslari qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida (114,8%), qurilishda (113,9%), savdo, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda (112,3%), tashish va saqlash, axborot va aloqada (111,2%) va mahsulotlarga sof soliqlarda (92,7%) qayd etildi. 

O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda YaIM tarmoqlari bo‘yicha tarkibida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining ulushi 16,6%dan 14,9%ga, qurilishning ulushi 6,6%dan 6,1%ga kamaydi, sanoatning ulushi esa 30,3%dan 33,9%ga o‘sdi. 

Xizmatlar sohasining YaIM tarkibidagi ulushi 45,1%ni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 1,4 f.p.ga kamaydi. 

Ko‘proq yangiliklar: