Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining biologik resurslaridan foydalanish samaradorligi oshiriladi

O‘zbekiston 16:57 / 23.04.2019 5436

Vazirlar Mahkamasining “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining biologik resurslaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining biologik resurslaridan foydalanishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

hududda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan biologik resurslardan foydalanish, shu jumladan, tabiatni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlari talablariga so‘zsiz va qat'iy rioya qilinishini ta'minlash;

ko‘llar tizimining biologik xilma-xilligini saqlash hamda mavjud tabiiy ozuqa zaxiralarini hisobga olgan holda suv havzalarida yetishtirilishi mumkin bo‘lgan yangi baliq turlarini baliqchilik sanoatiga kiritish;

hududga investitsiyalar, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish hamda baliqchilik klasterlarini tashkil etish orqali baliq yetishtirish, qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va eksport qilishni jadal rivojlantirish;

baliqchilik tarmog‘i rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasini amaliyotga tatbiq etish orqali ko‘llar tizimini mamlakatdagi baliq chavoqlarini yetishtiruvchi asosiy hududlardan biriga aylantirish;

hududda turizmni rivojlantirish imkoniyatlarini hisobga olgan holda havaskor va sport baliq ovi turizmini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish, turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish, sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini oshirish.

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, shu jumladan, uning hududida joylashgan orolchalar va quruqliklarni boshqarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzurida “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi” davlat unitar korxonasi tashkil etilgan.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

2019 yil 1 iyuldan boshlab Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining bo‘sh suv havzalari konturlarini tanlov asosida ijaraga berish “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshiriladi;

Direksiya mahalliy hokimliklar, manfaatdor vazirliklar va idoralar hamda baliq ovlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklar bilan birgalikda har oyning birinchi shanba kuni Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va ko‘llar tubini chiqindilardan tozalash ishlarini amalga oshiradi;

Direksiya tomonidan baliq ovlash mavsumi davomida har haftaning yakshanba kuni baliq va baliq mahsulotlari savdo yarmarkalari tashkil etiladi;

2019 yil 1 maydan boshlab Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi uchastkalarini ijaraga berish to‘g‘risidagi shartnoma shartlarini bajarmayotgan tadbirkorlik sub'yektlari bilan tuzilgan shartnomalar belgilangan tartibda bekor qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: