«Yuventus»ga chempionlikni keltirgan o‘yin, YeChL yo‘llanmasi uchun qiziyotgan kurash va Italiyada turning boshqa voqealari

Sport 12:30 / 22.04.2019 8393

Dam olish kunlari Italiya chempionatining 33-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda e'tiborga loyiq bo‘lgan bir qancha voqealar yuz berdi.

«YuVeNTUS» MUDDATIDAN OLDIN CheMPIONLIKNI RASMIYLAShTIRDI

«Yuventus» qatorasiga 8-marta Italiya chempioni bo‘ldi. Bu mavsumda jamoa musobaqa yakunlanishiga 5 tur qolganida Skudettoni qo‘lga kiritdi. «Fiorentina»ga qarshi o‘yindagi irodali g‘alabadan so‘ng, «Napoli» turinliklarni quvib yetolmasligi oydinlashdi.

6-daqiqadayoq «Fiorentina» gol urdi. Keza to‘pni jarima maydoniga yetkazganida Milenkovich uni kuchli zarba bilan darvozaga yo‘lladi. Shundan so‘ng, «Yuventus» tashabbusni qo‘lga olishga urindi. «Fiorentina» esa qarshi hujumlarda xavfli o‘ynadi. Ikki marta Kezaning zarbasidan so‘ng, to‘p darvoza ustuniga tegdi. 37-daqiqada turinliklar hisobni tenglashtirishdi. Burchak zarbasidan so‘ng, Aleks Sandro boshi bilan to‘pni darvozaga kiritdi.  

Ikkinchi bo‘limda «Yuventus» to‘pni nazorat ostiga oldi. Natijada jamoaning o‘yini qovusha boshladi. 53-daqiqada esa «Fiorentina» darvozasi ishg‘ol qilindi. Ronaldu to‘pni jarima maydoniga yetkazganida, Petsselya uni qaytaraman deb, o‘z darvozasiga kiritib yubordi. Shundan so‘ng, har ikkala jamoada bir qancha vaziyatlar yuzaga kelgan bo‘lsa-da, darvozabonlar boshqa xatoga yo‘l qo‘ymay, ishonchli o‘ynadilar.

O‘yindan keyin «Yuventus» chempionlikni o‘z muxlislari oldida nishonladi.

Yuventus – Fiorentina 2:1 (1:1, 1:0)
20 aprel, «Alyans Stedium»
Gollar: 0:1 – 6 Milenkovich, 1:1 – 37 Aleks Sandro, 2:1 – 53, avtogol Petsselya.
Yuventus – Shchensni, Joau Kanselu, Rugani, Bonuchchi, Aleks Sandro, Kuadrado (De Shilo, 87), Jan, Pyanich (Bentankur, 65), Matyuidi, Bernardeski (Kin, 74), Ronaldu.
Fiorentina – Lafon, Milenkovich, Petsselya, Chekkerini, Gansko, Miralyas (Fernandesh, 80), Dabo, Veretu, Benassi (Jyerson, 73), Simeone, Keza (Muriel, 66).
Ogohlantirish: Jyerson (80).

«INTeR» VA «ROMA» O‘YINIDA JANGOVAR DURANG QAYD ETILDI

«Inter» o‘z maydonida «Roma» bilan o‘ynadi. Keskin kurashlarga boy o‘tgan bahs 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi.

Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «bo‘rilar»ga g‘alaba juda zarur edi. Ular 14-daqiqada hisobni ochishdi. El-Shaaravi uzoq masofadan kuchli zarba yo‘llab, chiroyli gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo «Roma» bu muvaffaqiyatni rivojlantira olmadi.

«Inter» tashabbusni qo‘lga olib, 2-bo‘limda hisobni tenglashtirdi. 61-daqiqada jarima maydoniga yetkazilgan to‘pni himoyachilar e'tiboridan chetda qolgan Perishich boshi bilan darvozaga yo‘lladi. O‘yin oxiriga qadar bu hisob o‘zgarmay qoldi. Natijada, «Inter» 61 ochko bilan 3-o‘rinda qoldi. «Roma» 55 ochko bilan 5-o‘rinni egallab turibdi.

Inter – Roma 1:1 (0:1, 1:0)
20 aprel, «Juzeppe Meatssa (San-Siro)» stadioni
Gollar: 0:1 – 14 El-Shaaravi, 1:1 – 61 Perishich.
Inter – Xandanovich, D`Ambrozio, de Vrey, Shkrinyar, Asamoa, Vesino, Valero, Politano (Keyta Balde, 84), Nainggolan (Ikardi, 54), Perishich, Martines (Joau Mariu, 79).
Roma – Mirante, Florensi, Fasio, Kolarov, Jyezus, Kristante, Nzonzi, Under (Dzanolo, 46), Pellegrini (Klyuyvert, 81), El-Shaaravi, Jyeko.
Ogohlantirishlar: Vesino (62), Kristante (76), Dzanolo (84).

«LATsIO» KUTILMAGANDA AUTSAYDeRGA YuTQAZDI, «MILAN» HAM OChKOLARNI YO‘QOTDI

Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beruvchi 4-o‘rin uchun kechayotgan bahslar juda qizg‘in bo‘lmoqda. Ayni paytda, «Milan», «Roma», «Atalanta», «Torino» va «Latsio» klublari kelasi mavsumda nufuzli turnirda ishtirok etish uchun kurashyapti. Qayd qilish joizki, bu jamoalarning hech biri barqaror o‘yin ko‘rsata olayotgani yo‘q. Natijada, vaziyat har turda o‘zgarib bormoqda.

«Milan» safarda «Parma» bilan bellashdi. O‘yin xavfli vaziyatlarga boy bo‘lmadi. Jamoalar hujumkor o‘yin o‘rniga, himoyaviy uslubda to‘p tepishni ma'qul ko‘rishdi. 69-daqiqada «rossoneri» hisobni ochdi. Suso o‘ng qanotdan to‘pni jarima maydoniga yetkazganida, Kastilexo boshi bilan darvozaga aniq zarba yo‘lladi. Bellashuv «Milan» foydasiga hal bo‘lishga yaqin edi. Ammo «Parma» so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Brunu Alvesh jarima zarbasini qoyilmaqom tarzda bajarib, chiroyli gol urishga erishdi. Natijada, «rossoneri» muhim ochkolarni boy berdi.

Eng kutilmagan natija Rimda yuz berdi. «Latsio» o‘z maydonida A Seriyani tark etib bo‘lgan «Kevo» bilan o‘ynadi. 34-daqiqada mezbonlar yarimhimoyachisi Milinkovich-Savich juda qo‘pol harakati uchun maydondan chetlatildi. Bu esa «Latsio»ga qimmatga tushdi. 2-bo‘lim boshida «Kevo» Vinyato va Xetemay say'-harakati bilan 2 daqiqa ichida 2 marta mezbonlar darvozasini ishg‘ol qildi. Oradan 15 daqiqa o‘tgach Kaysedo gol urib, hisobni qisqartirdi. Biroq, «Latsio» bundan ortig‘iga erisholmadi va autsayderga yutqazib qo‘ydi.

«Torino» safarda «Jyenoa» bilan o‘ynab, Ansaldi tomonidan urilgan gol evaziga 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Natijada, jamoa Chempionlar Ligasi hududiga yaqinlashib oldi.

«Napoli» - «Atalanta» o‘yini bugun, 22 aprel kuni o‘tkaziladi.

33-TURNING BARChA NATIJALARI

20 aprel
Parma – Milan 1:1 (0:0, 1:1)
Gollar: 0:1 – 69 Kastilexo, 1:1 – 87 Brunu Alvesh.

Bolonya – Sampdoriya 3:0 (0:0, 3:0)
Gollar: 1:0 – 54, avtogol Tonelli, 2:0 – 69 Pulgar, 3:0 – 83 Orsolini.

Udineze – Sassuolo 1:1 (0:1, 1:0)
Gollar: 0:1 – 31 Sensi, 1:1 – 80, avtogol Lirola.

Empoli – SPAL 2:4 (1:2, 1:2)
Gollar: 1:0 – 22 Kaputo, 1:1 – 38, penalti Petanya, 1:2 – 44 Flokkari, 2:2 – 47 Traore, 2:3 – 60 Petanya, 2:4 – 88 Antenuchchi.

Jyenoa – Torino 0:1 (0:0, 0:1)
Gol: 0:1 – 58 Ansaldi.

Latsio – Kevo 1:2 (0:0, 1:2)
Gollar: 0:1 – 49 Vinyato, 0:2 – 51 Xetemay, 1:2 – 67 Kaysedo.
Chetlatishlar: Milinkovich-Savich (34), Luis Alberto (90) – ikkalasi ham «Latsio»

Kalyari – Frozinone 1:0 (1:0, 0:0)
Gol: 1:0 – 27, penalti Joao Pedro.
Chetlatish: Farago (79, Kalyari).

Yuventus – Fiorentina 2:1 (1:1, 1:0)
Gollar: 0:1 – 6 Milenkovich, 1:1 – 37 Aleks Sandro, 2:1 – 53, avtogol Petsselya.

Inter – Roma 1:1 (0:1, 1:0)
Gollar: 0:1 – 14 El-Shaaravi, 1:1 – 61 Perishich.

22 aprel
Napoli – Atalanta

A SeRIYa JADVALI

A SeRIYa TO‘PURARLARI

22 - Kshishtof Pyontek (Jyenoa/Milan, 2), Fabio Kualyarella (Sampdoriya, 7)
20 - Duvan Sapata (Atalanta, 1)
19 - Krishtianu Ronaldu (Yuventus, 5)
17 - Arkadiush Milik (Napoli)
15 - Franchesko Kaputo (Empoli, 3)
14 - Andrea Petanya (SPAL, 5), Chiro Immobile (Latsio, 4)
12 - Andrea Belotti (Torino, 4), Leonardo Pavoletti (Kalyari)
11 - Yosip Ilichich (Atalanta), Dris Mertens (Napoli, 1)

34-TUR O‘YINLARI

27 aprel
Bolonya - Empoli
Roma - Kalyari
Inter - Yuventus

28 aprel
Frozinone - Napoli
Kevo - Parma
SPAL - Jyenoa
Sampdoriya - Latsio
Torino - Milan

29 aprel
Atalanta - Udineze
Fiorentina - Sassuolo

«Yuventus», Allegri va Ronaldu bir qancha rekordlarni yangilashdi

«Yuventus» qatorasiga 8-marta Italiya chempioni bo‘ldi. Natijada jamoa, bosh murabbiyi Massimiliano Allegri va hujumchi Krishtianu Ronaldu bir qancha rekordlarni o‘zgartirishdi.

Opta xabariga ko‘ra, «Yuventus» 2002-2008 yillar davomida Fransiya chempionatida qatorasiga 7 marta g‘alaba qozongan «Lion» ko‘rsatkichidan o‘zib ketdi va top-5 ligalar rekordini yangiladi.

Turinliklar ustozi Massimiliano Allegri qatorasiga 5 marta bir jamoa bilan chempion bo‘lgan Yevropa top-5 ligalari tarixidagi ikkinchi murabbiy bo‘ldi. Birinchi bo‘lib bunday ko‘rsatkichga «Real» bosh murabbiyi Migel Munos 1961 – 1965 yillarda erishgan edi.

Shuningdek, Ronaldu Angliya, Ispaniya va Italiya chempionatlarida g‘alaba qozongan tarixdagi ilk futbolchiga aylandi. 34 yoshli portugaliyalik bunga qadar «Manchester Yunayted» tarkibida Angliya, «Real» bilan esa Ispaniya chempioni bo‘lishga erishgandi. Endi Ronalduning shaxsiy jamg‘armasida APLning 3ta, La Liganing 2ta va A Seriyaning 1ta oltin medali bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: