Ukrainada saylovning yangi natijalari e'lon qilindi

Jahon 10:30 / 22.04.2019 38734

Ukraina prezidentligi uchun nomzod Vladimir Zelenskiy ikkinchi tur yakunlariga ko‘ra g‘olib bo‘lishi yanada oydinlashmoqda. Ukraina Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda ovozlarning 90 foizi qayta ishlab chiqilgan va unga ko‘ra Zelenskiy 73,19 foiz ovoz to‘plagan, amaldagi prezident Pyotr Poroshenko esa 24,6 foiz ovoz olgan.

21 aprel kuni o‘tkazilgan saylovda ovoz berish jarayoni yakunlanganidan keyin Milliy ekzit-pol dastlabki natijalarni e'lon qilgan, unga ko‘ra Zelenskiy 73 foiz atrofida ovoz olib g‘olib bo‘lishi aytilgandi.

Zelenskiy o‘z shtabida g‘alabani nishonlashga ulgurgan.

«Biz buni birgalikda uddaladik... Hozircha men rasman prezident emasman, ammo Ukraina fuqarosi sifatida gapirishim mumkin. Men barcha possovet davlatlariga aytaman: Bizga qarang - barchasining imkoni bor!», degandi bo‘lajak prezident.

Pyotr Poroshenko esa mag‘lubiyatini tan olib, raqibini g‘alaba bilan tabriklashini aytib o‘tgan.

«Ekzit-pol natijalari barchasini ko‘rsatib turibdi. Natijalarga asoslangan holda raqibimni tabriklashim mumkin», degan u. Shu bilan birgalikda, Ukrainaning amaldagi prezidenti lavozimdan ketsa-da, siyosatda qolishini ma'lum qilgan.

Saylovda 16 million nafarga yaqin ukrain ishtirok etdi. Bu esa davomat 63 foizga yaqin bo‘lganini ko‘rsatadi. Zelenskiy deyarli barcha oblastlarda ustun keldi, faqat g‘arbdagi Lvov oblastida Poroshenko nisbatan ko‘proq ovoz oldi. U bu yerda 63,09 foiz ovoz olgan, Zelenskiy 34,16 foiz ovoz bilan kifoyalangan. O‘z navbatida Zelenskiy Poroshenkoni eng katta farq bilan ortda qoldirgan hudud - Lugansk oblasti bo‘ldi - 88,88 foizga 8,89 foiz. Donetskda ham shunga yaqin ko‘rsatkich qayd etilgan - 87,18 foizga 10,38 foiz.

Ko‘proq yangiliklar: