Tashkent Law Spring: 37 mamlakatdan mingdan ziyod huquq sohasi vakillari Toshkentda jam bo‘ladi

O‘zbekiston 17:28 / 22.04.2019 2810

Joriy yilning 25-27 aprel kunlari Toshkentda ilk bor Tashkent Law Spring – xalqaro miqyosdagi yuridik forum bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot brifingida ma'lumot berdi.

«Huquq – jadal modernizatsiya davrida»  mavzusida o‘tkazilayotgan forumda zamonaviy huquq tizimini rivojlantirish masalasi, yuridik nazariya va amaliyotdagi muammolar yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tadi.

«Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»   davlat dasturi doirasida o‘tkaziladigan mazkur forum jahon yuridik hamjamiyatini O‘zbekiston qonunchiligi bilan yaqindan tanishtirish, mamlakatdagi islohotlar mohiyatini obektiv tarzda yetkazib berishni maqsad qiladi. Forumda ko‘tariladigan masalalar bo‘yicha chiqarilgan xulosalardan milliy qonunchilikni rivojlantirishda foydalanish ko‘zda tutilgan» , – deydi Adliya vaziri bo‘lim boshlig‘i A'zam Madaminov.

Ma'lum qilinishicha, forum dasturi «Sifatli davlat boshqaruvi» , «Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish» , «Faol investitsiya siyosati»  yo‘nalishlari bo‘yicha 17ta sessiyani hamda notariat va sud-ekspertiza tizimiga oid ikkita davra suhbatini o‘z ichiga oladi. 

Forum doirasida «Yilning eng yaxshi advokati» , «Yilning eng yaxshi advokatlik tuzilmasi» , «Eng yaxshi korporativ yuridik xizmat»  nominatsiyalari bo‘yicha nomzodlarni taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tadi.

Forum tashkiliy qo‘mitasi ishtirok uchun murojaatlar belgilangan muddatdan oldin to‘xtatilganiga izoh berdi. «Avval boshidanoq forumda 800 nafar ishtirokchi bo‘lishi rejalashtirilgan edi. Qatnashish uchun juda ko‘p ariza kelib tushgani, hali qabul muddati tugamasidanoq ko‘zlangan miqdordan ko‘p kishi ro‘yxatga olingani bois qabulni 5 kun oldinroq to‘xtatishga to‘g‘ri keldi. Bunda jismoniy imkoniyatlar inobatga olindi. Ro‘yxatdan o‘ta olmaganlardan tashkiliy qo‘mita uzr so‘raydi»  , dedi A'zam Madaminov.

Tadbirda yurisprudensiya sohasining mingdan ziyod vakillari ishtiroki kutilmoqda. Jumladan, 37 mamlakatdan adliya vazirlari, taniqli advokatlar, biznes vakillari, nazariyotchi olimlar, 240 nafar delegat tashrif buyuradi.

Forumda ishtirok eta olmaganlar uni onlayn translatsiya asosida Oʻzbekiston24 telekanali hamda tashkentlawspring.uz sayti orqali kuzatishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida ilk marotaba xalqaro miqyosda bo‘lib o‘tayotgan mazkur yuridik forumda ishtirok etish pulli tartibda amalga oshirilishi haqida ma'lum qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: