Tamillar, radikal buddistlar va IShID o‘chog‘i. Shri-Lankada qanday diniy ziddiyatlar mavjud?

Jahon 15:40 / 22.04.2019 20743

Shri-Lankada 21 aprel kuni sodir etilgan davomli teraktlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 290 nafarni tashkil qilmoqda. Yana 500 nafarga yaqin kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonalarga yotqizilgan. Qurbonlarning aksari katolik cherkovlardagi portlashlar oqibatida halok bo‘ldi - yakshanba kuni xristianlar ibodatxonalarida Pasxa bayramini nishonlashayotgandi.

Reuters / Scanpix / LETA

Hozircha hech bir guruh bu xunrezliklar uchun mas'uliyatni zimmasiga olmadi. Bu teraktlar mamlakatda mahalliy radikallar tomonidan musulmonlarga ommaviy hujumlar kuzatilganidan roppa-rosa bir yil o‘tib ro‘y berdi. «Meduza» nashri aholisining asosiy qismi buddizmga e'tiqod qiladigan bu orol davlatdagi teraktlar qanday diniy ziddiyatlar mahsuli ekani haqidagi savolga javob topishga harakat qildi.

Shri-Lankada buncha cherkov qayerdan paydo bo‘lgan? Bu yerda shunchalik ko‘p xristianlar yashaydimi?
Aholisi soni 22 million bo‘lgan bu davlatdagi katolik xristianlar ulushi 7 foiz atrofida (2 million kishi). Ammo orolda o‘nlab katolik cherkovlari mavjud. Bu qatlam asosan orolga 1505 yilda kelgan portugal istilochilarining avlodlari hisoblanadi. Avvaliga ular mahalliy singal qiroli ruxsati bilan Kolombo shahri hududida savdo posti va katoliklar ibodatxonasi qurishgan. Ammo bir necha o‘n yillar o‘tib yevropaliklar orolning g‘arbiy va shimoliy qismini egallab olishgan, Shri-Lanka esa portugaliyaliklarning Hind va Tinch okeani bo‘ylab barpo etgan savdo imperiyasidagi muhim bazaga aylangan, katolik missionerlar orolning qirg‘oq hududlari bo‘ylab xristian dinini targ‘ib qilishgan, portugallar oroldagi barcha yirik shaharlarda ibodatxonalar qurishgan.

17 asr o‘rtalarida, portugal-niderland urushidan keyin Shri-Lanka Niderlandiya qirolligi ixtiyoriga o‘tadi va hollandlar orolda xristianlikning protestant oqimini targ‘ib qilishni boshlaydi (asosan tog‘li hududlardagi choy plantatsiyalari bo‘ylab). Ayni vaqtda orolda 200 ming nafardan ortiq protestantlar istiqomat qilishadi.

Bu teraktlarni kimlar uyushtirgan bo‘lishi mumkin?
Hozircha bu teraktlar uchun javobgarlikni hech bir guruh o‘z zimmasiga olmadi. Ammo hukumat bu hujumlarda diniy ekstremistlardan gumon qilmoqda va gumondorlar qo‘lga olinishi boshlangan. «Meduza» tomonidan Shri-Lanka aholisi vakillari orasida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, orolliklar bu hujumlar IShID tarafdori bo‘lgan radikal musulmonlar tomonidan uyushtirilganini muhokama qilmoqda. Agar bu versiya o‘z isbotini topsa, orolda diniy ziddiyatlarning yangi to‘lqini avj olishi mumkin.

Bu qanday ziddiyatlar va unda qanday tomonlar ishtirok etadi?
Mamlakatda xristianlardan tashqari yana ikki toifa diniy ozchilik bor: hinduizmga e'tiqod qiluvchi tamillar (aholining 12 foizi) va orolga 1000 yillar muqaddam Hindiston shimolidan kelgan savdogarlarning avlodlari bo‘lgan musulmonlar (aholining 10 foizi atrofida).

Ularning barchasi buddizmga e'tiqod qiluvchi aholi (asosan mahalliy singallar - aholining 70 foizdan ortig‘i) bilan munosabatlarda va o‘zaro munosabatlarda ham adovat saqlab keladi.

Hinduist-tamillar XX asr oxirida yirik harbiy tashkilotga - «Ozod Tamil-Ilama yo‘lbarslari» tashkilotiga asos solishgan va 26 yil davomida (1983 yildan 2009 yilgacha) hukumatga qarshi mustaqillik urushi olib borgan. «Yo‘lbarslar» nafaqat o‘z armiyasini, flotini va harbiy-havo kuchlarini tashkil etishgan, balki butun orol bo‘ylab va hatto Hindiston hududida ham teraktlar sodir etishgan. 2009 yilda hukumat qo‘shinlari orolning sharqiy va shimoliy hududlari uchun janglarda «yo‘lbarslar»ni mag‘lub etishgan, lekin tamillarning mustaqillik yo‘lidagi harakatlari hamon davom etmoqda va bu kurash terrorchilik aktlari ko‘rinishida amalga oshirilmoqda.

Bazuki Muhammad / Reuters / Scanpix / LETA

«Yo‘lbarslar» ustidan g‘alaba qozonilgach, mamlakatda radikal buddistlar harakati faollashdi - ular orolni diniy ozchiliklardan «tozalash»ga kirishishdi. 2012 yilda budda monaxi Galagoda Gnanasara «Buddist kuchlari armiyasi» (Bodu Bala Sena)ni tuzadi va bu tashkilot a'zolari «buddizmni xorijiylar hujumidan himoya qilish»ga yo‘naltiriladi. Bu kurash diniy plyuralizmni cheklash orqali olib boriladi. Bunday ekstremistik guruh tashkil etilishi buddistik ta'limotga asoslanadi - unga ko‘ra singallar «sher irqi»ga mansub sanalishadi. Bu tashkilot orolni «Budda ta'limoti muhofazasi uchun mustahkam qal'a»ga aylantirishga chorlaydi. 19 asr oxirida bu g‘oyadan Shri-Lankada diniy va siyosiy zo‘ravonliklarni oqlashda foydalanilgan.

Shri-Lankadagi radikal buddistlarning yagona ittifoqchisi Myanmadagi diniy birodarlar - Rohingya viloyatidagi musulmonlarga qarshi genotsid uyushtirgan buddistlar hisoblanadi. Myanmadagi musulmonlarga qirg‘in tashabbuskori bo‘lgan yetakchilardan biri, monax Ashin Virathu 2014 yilda «Buddist kuchlari armiyasi»ning konvensiyasiga taklif etilgandi. Xalqaro huquq himoyachilari o‘shanda Shri-Lanka hukumatidan Virathuga viza bermaslikni so‘rashgan, ammo amaldorlar bu so‘rovga rozi bo‘lmagandi. Konvensiyada chiqish qilgan Virathu Myanmada ham, Shri-Lankada ham «antiislom pakti» tuzishni taklif qilgandi. Monaxning orolga tashrifi mamlakatdagi musulmonlar va buddistlar o‘rtasidagi ziddiyatni alangalatgandi.

2018 yil martida ziddiyatlar ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketadi. «Buddist kuchlari armiyasi» bir oy mobaynida mamlakat bo‘ylab masjidlarga va «halol» brendi ostida faoliyat ko‘rsatadigan restoranlarga hujumlar uyushtirgandi. O‘shanda ekspertlar o‘zini «butun dunyodagi musulmonlar himoyachisi» deb hisoblovchi IShID jangarilari bu harakatlarga javob qaytarishidan xavotirlarini bildirishgandi. Qayd etish kerakki, «Armiya» tarafdorlari nafaqat musulmonlarga, balki xristianlarga ham hujumlar uyushtirib keladi va hatto ba'zi holatlarda ibodatxonalarga o‘t qo‘yilishi kuzatiladi. Hukumat vaqti-vaqti bilan fitna qo‘zg‘atuvchi radikal buddistlarni hibsga olib turadi. Ammo shu bilan birgalikda, hokimiyat tepasidagilar «buddizm himoyaga muhtoj» ekanini ta'kidlashadi va «Buddist kuchlar armiyasi» faoliyatiga chek qo‘yish haqida o‘ylamaydi.

Shri-Lankada ham IShID tarafdorlari bormi?
2019 yil boshida Shri-Lanka hukumati IShIDning oroldagi birinchi raqamli vakili yo‘q qilingani haqida ma'lum qildi. Undan oldinroq «obro‘li musulmon oilalaridan chiqqan» o‘nlab yosh yigitlar IShID ta'siriga tushib, Suriya va Iroqdagi harbiy harakatlarda ishtirok etgani to‘g‘risida ma'lumot berilgandi. Orolda IShIDning o‘chog‘i tashkil etilgan va uning tarkibiga Hindistondagi «Islom Jamoati» hamda Myanmadagi «Rohinja xaloskorlari - Arakan armiyasi» ta'siridagi yoshlar ham kirgan. Shuningdek, mintaqada radikal musulmonlarning National Thowheeth Jamaʼath guruhi ham faoliyat olib boradi (Shri-Lanka politsiyasi teraktlardan 10 kun oldin ushbu guruh faollashgani haqida ogohlantirilgandi). NTJ IShIDga aloqadorligini rad etadi.

Ko‘proq yangiliklar: