Soch nima uchun to‘kiladi?

Light 16:38 / 22.04.2019 30256

Soch insonning ko‘rki. Ham go‘zallik va sog‘lomlik ramzi hisoblangan tana a'zosini qanday parvarishlash, serjilo qilish barcha uchun qiziq mavzu, chunki hammamiz soch to‘kilishidan qo‘rqamiz.

Xastalik o‘z ortidan turli psixologik zo‘riqishlarni ham olib keladi. Sababi, soch to‘kilishini qarilik alomati, deya qabul qilinishi ham tabiiy. Jarayon erkaklarda 18 yoshdan keyin boshlanadi. Yosh ulg‘aygan sari soch o‘sishi ham sekinlashib boraveradi. 2019 yilgi statistikaga ko‘ra, 40 foiz erkak 35 yoshgacha sezilarli ravishda soch to‘kilishini boshdan kechiradi.

Amerika dermatologlari akademiyasining ma'lumotlariga ko‘ra, soch sog‘lom insonda ham to‘kiladi. Bir kunda taxminan 50-100 tola soch to‘kilishi normal holatdir. Bundan ortig‘i kasallik hisoblanadi.

Soch fiziologiyasi va morfologiyasini dermatokosmetologiyaning alohida sohasi bo‘lmish trixologiya o‘rganadi. Malakali trixolog Ilhom Rahimov Kun.uz bilan suhbatda soch to‘kilishi bo‘yicha ma'lumot va tavsiyalarini taqdim etdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bergan oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida 65 foizi erkaklar va 35 foiz ayollar ushbu kasallikning u yoki bu shakli bilan kasallangan.

Soch to‘kilishining bir qancha turlari bor. Birinchisi fiziologik soch to‘kilishi. Bu jarayon 55-65 yoshda kuzatiluvchi normal holat hisoblanadi. Erkaklarda kallik kuzatilsa, ayollarda esa soch to‘kilishi diffuz xarakterda bo‘ladi va kallik sodir bo‘lmaydi. Ikkinchisi erta soch to‘kilishi bo‘lib 18-22 yoshdan boshlanadi (bu eng ko‘p uchraydigan xili). Uchinchisi seboreyali soch to‘kilishi. Oxirgisi alopetsiya bo‘lib,bunda sochlarning patologik to‘kilishi kuzatiladi. Natijada, soch va tana terisidagi tuklar qisman va to‘liq to‘kiladi.

Soch to‘kilishiga quyidagilar sabab bo‘ladi:

- stress;

- nasliy moyillik;

- modda almashinuvining buzilishi;

- surunkali ichki a'zolar kasalliklari;

- endokrin kasalliklar;

- tanqislik holatlar (sink, temir va boshqa mikroelementlar);

-dori-darmonlarning salbiy ta'siri;

- infeksion kasalliklar;

- noratsional ovqatlanish.

Rahimovning aytishicha, sochlarni kalga oldirish keyinchalik sochlarni baquvvat bo‘lishiga yordam bermaydi. Soch mustahkamligi uning pastki, ya'ni ildiz yoki piyozchasida kuzatiladigan o‘zgarishlarga bog‘liqdir.

«Erta soch oqarishi ham vaqt o‘tib soch to‘kilishiga olib keladi degan faraz bor. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Ikkalasi o‘ziga xos va bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan holatdir. Ko‘plab bemorlar maxsus muolajalar ham soch to‘kilishini to‘xtatmayotganligidan shikoyat qilishadi. Ular kasallik qaysi davrda ekanligini bilishmaydi. Oqibatda samara sezilmaydi. Shifokor bilan maslahatlashgan holda har bir bosqichda o‘ziga xos davo usullarini qo‘llash tavsiya etiladi»  , — deydi trixolog shifokor.

Ayni paytda davolashning eng samarali usuli bu - bemorning qonidan ajratilgan, trombotsitlarga boy bo‘lgan plazmani teri ichiga yuborishchdir.

«Plazmolifting natijasida trombotsitlarda saqlovchi o‘sish faktori fibroblastlarni stimulyatsiya qilib, natijada kollagen, gialuron kislotasi va elastin ishlab chiqishini ko‘paytiradi. Bu jarayon o‘z navbatida yangi hujayralarni paydo bo‘lishini, mayda qon tomirlar o‘sishini rivojlantiradi, natijada modda almashinuvi tiklanadi, mahalliy immunitet oshadi, teri hujayralarida mikrosirkulyatsiya va metabolizm jarayoni yaxshilanadi», — deya qayd etadi shifokor. 
Soch to‘kilishining oldini olish mumkinmi?

Iste'mol qilinayotgan ovqat vitamin va mikroelementlardan iborat bo‘lishiga ahamiyat berish lozim. Noto‘g‘ri diyeta ham soch to‘kilishiga olib keladi. 

«Yasama sochlardan foydalanish tavsiya etilmaydi, chunki u terini nafas olishiga xalaqit beradi. Jamoat suv havzalarida cho‘milgandan so‘ng sochlarni maxsus vositalar bilan yuvish kerak bo‘ladi , chunki yuvuvchi vositalar soch ostida yig‘ilgan xlor va tuz moddalardan tozalaydi. Shu bilan birgalikda soch ostidagi terini himoya qilib, soch ildizlari shikastlanishini oldini oladi», — deydi  Ilhom Rahimov .

Biz sizga sochlaringizning doimo ko‘rkam bo‘lishini tilaymiz. 

Muhabbat Ma'mirova tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: