Shri-Lankadagi terakt qurbonlari soni 300 nafarga yaqinlashdi

Jahon 10:50 / 22.04.2019 7641

21 aprel kuni Shri-Lankada Pasxa bayrami vaqtida cherkovlarda va mehmonxonalarda sodir etilgan 8ta portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 290 nafarga yetdi. The Hindustan Times nashri xabariga ko‘ra, 500 nafarga yaqin kishi jarohatlangan holda shifoxonalarga yotqizilgan.

News First nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, ayni vaqtga kelib teraktlarga aloqadorligi gumon qilingan 24 kishi hibsga olingan. Qo‘lga olinganlar mahalliy aholi vakillari bo‘lib, hozirda ularning «chet eldagi aloqalari» tekshirilmoqda.

Reuters agentligi manbasi xabar berishicha, portlashlar sodir etilgan vaqtda mamlakat prezidenti Maytripala Sirisena xorijda bo‘lgan, u 22 aprel kuni Milliy xavfsizlik xizmatining shoshilinch yig‘ilishini chaqirgan. Unda mamlakat bosh vaziri Ranil Vikramasingh ham qatnashadi.

Shri-Lankadagi portlashlar Pasxa bayrami marosimida mahalliy vaqt bilan soat 8:45da sodir bo‘lgan. Uchta cherkov va uchta mehmonxonaga hujum qilingan. Yettinchi va sakkizinchi hujumlar bir necha soatdan so‘ng, ulardan biri yakshanba kuni odam gavjum bo‘ladigan Kolombo shaharchasida joylashgan hayvonot bog‘i yaqinida amalga oshirilgan.

Yana bir hujum, orolning eng yirik xalqaro aeroporti Bandaranaike yaqinida amalga oshirilishi mumkin edi, ammo harbiylar portlovchi moslamani yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lishgan.

Huquq-tartibot organlari ma'lumotlariga ko‘ra, hujumlarning deyarli barchasi xudkush-terrorchilar tomonidan sodir etilgan. Politsiyachilar terrorchilarni tashish uchun foydalanilgani gumon qilinayotgan bir yuk mashinasini ham to‘xtatishgan.

Hozircha bu teraktlar uchun javobgarlikni hech bir tashkilot o‘z zimmasiga olmadi.

Ko‘proq yangiliklar: