Shoumenlikdan siyosatchilikka: «Xalq xizmatchisi» Vladimir Zelenskiy haqida nimalar ma'lum?

Jahon 16:40 / 22.04.2019 43407

Ukraina Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda ovozlarning 90 foizi qayta ishlab chiqilgan va unga ko‘ra Zelenskiy 73,19 foiz ovoz to‘plagan, amaldagi prezident Pyotr Poroshenko esa 24,6 foiz ovoz olgan

21 aprel kuni o‘tkazilgan saylovda ovoz berish jarayoni yakunlanganidan keyin Milliy ekzit-pol dastlabki natijalarni e'lon qilgan, unga ko‘ra Zelenskiy 73 foiz atrofida ovoz olib g‘olib bo‘lishi aytilgandi.

Zelenskiy o‘z shtabida g‘alabani nishonlashga ulgurgan.

UNIAN Vladimir Zelenskiyning shoumenlikdan siyosatchilikkacha bo‘lgan yo‘li haqidagi asosiy ma'lumotlarni to‘pladi.

Mutaxassisligi bo‘yicha atigi ikki oy ishlagan

Vladimir Zelenskiy 1978 yil 25 yanvarda Krivoy Rog shahrida dasturchi-matematik va muhandis oilasida tug‘ilgan. Bolaligida oilasi bilan to‘rt yil Mongoliyada yashagan va birinchi sinfni o‘sha yerda tamomlagan. So‘ngra oila Krivoy Rogga qaytgan va u ingliz tili chuqur o‘rgatiladigan maktabda tahsil olgan. 1995 yilda Kiyev milliy iqtisodiyot universitetining Krivoy Rog iqtisodiyot instituti yuridik ta'lim yo‘nalishini bitirgan. Mutaxassisligi bo‘yicha esa atigi ikki oy – amaliyot davrida ishlagan.

Shoumen Zelenskiyning yo‘li

Vladimir Zelenskiy KVN dagi ishtiroki tufayli 1990-yillarda tanila boshlagan. 1997 yilda Zelenskiy Denis Manjosov, Yuriy Krapov va Aleksandr Pikalov bilan "95-kvartal" jamoasini tashkil etganidan so‘ng uning yulduzli onlari boshlandi. Tez orada jamoa KVN oliy ligasiga chiqdi. 2003 yilda «95-kvartal» Aleksandr Maslyakovning "AMiK" ijodiy birlashmasi bilan kelisha olmay qoldi va Zelenskiy jamoasi KVNni tark etdi.

2005 yilda Ukraina telekanallaridan birida "Kechki kvartal" shousi start oldi. Tez orada dastur Ukraina TVsida reytingi eng yuqori dasturga aylandi. Keyinroq "Kvartal-95" studiyasi tashkil etildi. Zelenskiy hamkorlari bilan qator muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirdi.

“Xalq xizmatchisi” 

Foto:"Xalq xizmatchisi" serialidan

U 2008 yilda "Katta shahardagi sevgi" filmida, keyinchalik 2010 va 2013 yillarda suratga olingan qismlarida bosh rolni ijro etdi. 2011 yilda Zelenskiy ishtirokida "Ishdagi ishq" filmining rimeyki chiqarildi. Zelenskiy, shuningdek, "Xalq xizmatchisi" serialida keyinchalik prezidentga aylangan o‘qituvchi Vasiliy Goloborodko rolini ijro etdi. Vladimir Zelenskiy va «Kvartal 95» studiyasining yana bir muvaffaqiyatli loyihasi “Sovchilar” komik seriali bo‘lib, Ukrainada serial namoyishi taqiqlangan.

Oilasi va farzandlari 

Shoumen 2003 yilda Yelena Kiyashko bilan turmush qurgan. Ular bir maktabda yonma-yon sinflarda o‘qishgan. 2008 yilda ular oilasida farzand – qizlari Sasha dunyoga keldi. 2013 yilda esa ular o‘g‘illi bo‘lishdi va unga Kirill deb ism qo‘yishdi.

Siyosatga qadam

Ukraina OAVlari 2017 yildayoq Vladimir Zelenskiy 2019 yilgi prezident saylovlarida qatnashishi mumkinligini yozgandi. 2018 yil 31 dekabrda "1+1" telekanalida yangi yil murojaati bilan chiqqan Zelenskiy 2019 yilgi prezident saylovida davlat rahbarligiga nomzodini qo‘yishini e'lon qildi. Keyinroq “Xalq xizmatchisi” partiyasi shoumenni prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatdi. Shundan so‘ng Vladimir Zelenskiy va uning jamoasi ijtimoiy tarmoqlarda faollashdi, ukrainaliklar va amaldagi davlat rahbari Petro Poroshenkoga qator murojaatlar bilan chiqdi. 

31 mart kuni bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, birinchi turda Zelenskiy 30 foizdan ortiq ovoz bilan birinchi, Poroshenko esa 16 foiz atrofida ovoz to‘plab ikkinchi bo‘ldi. Hech bir nomzod mutlaq ko‘p ovoz yig‘a olmagani (50%dan ortiq) uchun saylovlarning ikkinchi turi o‘tkazilishi ma'lum bo‘ldi.

19 aprel kuni Kiyevdagi “Olimpiyskiy” stadionida Vladimir Zelenskiy va Petro Poroshenko o‘rtasida debat bo‘lib o‘tdi.

Zelenskiy – Poroshenko bahsi: iqtiboslar

Foto: Ivan Kovalenko / Kommersant'

Zelenskiy debatdagi chiqishida prezident oligarxlardan bo‘lmasligi kerakligi, oddiy xalq vakili prezident etib saylanishi kerakligi haqida gapirib, «hozirgi tizim me'yordagi va XXI asr mentalitetiga ega bo‘lgan normal insonlar bilan birgalikda yakson qilinishiga» ishonch bildirdi.

“Men hozir frontdan o‘g‘li qaytmagan har bir ona qarshisida tiz cho‘kishga tayyorman, men hozir o‘z otasiga yetisha olmagan har bir bola qarshisida tiz cho‘kishga tayyorman, men hozir har bir beva ayol qarshisida tiz cho‘kishga tayyorman va sizlarni ham shunga taklif etaman”, dedi Zelenskiy va sahnada tiz cho‘kdi.

“Biz siz bilan birgalikda boshqa Poroshenko uchun ovoz berib, boshqa Poroshenkoni saylagandik. Bittasi baqirardi: “Putin, senga ko‘rsatib qo‘yaman”. Ikkinchisi esa janob Medvedchuk orqali Moskvaga salom yo‘llardi. Birinchisi dollar 10 grivna bo‘lishini aytardi, ikkinchisi esa uni 30 grivnadan qilardi”.

“Men siyosatchi emasman, bu tizimni sindirish uchun kelgan oddiy odamman”.

“Men Ukraina sharqidagi harbiy harakatlar hududida ko‘p marta bo‘lganman va Poroshenko aytganidek harbiy chaqiruvdan qochmaganman”.

“Men hech qachon Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bilan gaplashmaganman. Urush boshlanganidan keyin Rossiyaga bormaganman”.

“Men Ukrainani qayergadir olib boradigan Muso emasman. Ukraina Yevropaga boradi. Agar odamlar shunga qaror qilsa, men bu tanlovni himoya qilaman”.

“1+1” telekanali bilan shartnomam bor va bundan boshqa biznes yo‘q. 

“Poroshenko – “qo‘y terisini yopingan bo‘ri”. Nima uchun sizning konfetlaringiz Moskvada sotilmoqda? Nima uchun yoningizdagi barcha odamlarning qo‘li ikkita?”

“Poroshenko ko‘plab yutuqlarga erishdi - YeI bilan vizasiz rejim, avtokefaliya, ukrain tili, armiya. Ammo u bulardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanmoqda”.

“Men faqat bir muddat uchun qolaman va mushtlarimni tugib, Poroshenkoning atrofidagilar siyosat maydonida qolmasligi uchun barcha ishni qilaman”.

“Ukraina xalqi qarshisida tiz cho‘kishga tayyorman”.

Ko‘proq yangiliklar: