Shimoliy Makedoniyaning yangi prezidenti saylovlarning 2-bosqichida aniqlanadigan bo‘ldi

Jahon 08:25 / 22.04.2019 2350

Shimoliy Makedoniyada 21 aprelda o‘tgan prezident saylovlarining 1-bosqichida g‘olib aniqlanmadi. Saylovlarda ishtirok etgan 3 nomzoddan birortasi g‘alaba uchun zarur bo‘lgan 50 foizdan ko‘proq ovoz to‘play olmagan. Shu sababli 5 may kuniga saylovlarning 2-bosqichi belgilandi.

Mamlakatda 1,8 mln.dan ko‘proq odam ovoz berish huquqiga ega bo‘lib, saylovlarda ularning ishtiroki 41,92 foizni tashkil qilgan. 

Prezident lavozimiga hukmron Sotsial-demokratik ittifoq nomzodi Stevo Pendarovski, muxolif VMRO-DPMNe’dan Gordana Silyanovska-Davkova va ikkita alban partiyasidan nomzod Blerim Reka da'vogarlik qilgan.

Saylovlar natijalariga ko‘ra, Reka 10,43 foiz, Silyanovska-Davkova 42,55 foiz va Pendarovski 42,68 foiz ovoz to‘plagan. Shunga ko‘ra, 5 may kuni Pendarovski va Silyanovska-Davkova kurash olib boradi.

Saylovlarning 2-bosqichi ovoz beruvchilarning 40 foizdan ko‘prog‘i ishtirok etganda bo‘lib o‘tgan deb tan olinadi. Mamlakat bosh vaziri Zoran Zayevning aytishicha, agar zaruriy ishtirok qayd qilinmasa, u konstitutsiyaga prezidentning parlament tomonidan saylanishi haqidagi tuzatmalar kiritilishi yoki ovoz beruvchilar ishtiroki minimal chegarasi bekor qilinishini taklif qiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: