Shavkat Mirziyoyev Xitoyga tashrif buyuradi

O‘zbekiston 19:40 / 22.04.2019 33029

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpinning taklifiga binoan joriy yil 24-27 aprel kunlari «Bir makon, bir yo‘l» ikkinchi xalqaro forumi tadbirlarida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Xitoyda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Forum ishida 40dan ziyod xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Anjuman kun tartibidan mintaqadagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, uzoq muddatli taraqqiyotning yangi manbalarini izlab topish borasidagi sheriklikni faollashtirish, «yashil» iqtisodiyot va innovatsiyalarni ilgari surish, ustuvor infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari o‘rin olgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev XXR Raisi Si Tszinpin va Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi Raisi Li Chjanshu bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. 

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan. 

Prezidentimiz forumda ishtirok etadigan xorijiy davlatlar delegatsiyalari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.

Ko‘proq yangiliklar: