«SES» xodimlari «Molochnaya kuxnya» faoliyatini to‘xtatishmoqchi. Tadbirkorning tinchini buzish kimga kerak bo‘lib qoldi?

Jamiyat 19:20 / 22.04.2019 39447

«Molochnaya kuxnya» brendi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan Diyor Biznes kompaniyasining taqdiri tahdidlar ostida qolmoqda. 

Toshkent shahrida gullab-yashnayotgan biznesga turli usullar bilan ta'sir o‘tkazish, uning faoliyatini sindirishga harakat qilinmoqda, deydi kompaniya rahbari Shuhrat Qayumov. 

«100dan ortiq ishchi ishlayotgan korxonamizda sut mahsulotlarini qayta tayyorlash orqali bolalar va kattalar uchun tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Faoliyatimiz sokin davom etayotgan edi, aprelning birinchi o‘n kunligida hammasi o‘zgarib ketdi. Biz bu haqda ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar tarqatishga, o‘zimizni himoya qilishga majbur bo‘ldik.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Ombudsman ruxsati bilan Respublika DSENM vakillari korxona faoliyatini tekshirishga kelishdi va turli vajlar bilan «Molochnaya kuxnya»  faoliyatini to‘xtatib qo‘yish to‘g‘risida qaror chiqarildi», —  deydi u.

Ammo jarayonning kechishida qandaydir shubhali vaziyatlar mavjud va hozir shularga to‘xtalmoqchimiz.

Joriy yil 5 aprel kuni Tadbirkorlik sub'yektlarini huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning o‘rinbosari kompaniya faoliyatini tekshirishga ruxsat bergan. Respublika DSENM «xavfni tahlil etish» natijasida kompaniya faoliyatini tekshirmoqchiligini bildirgan.

Diyor Biznes kompaniyasi rahbari Shuhrat Qayumov

6 aprel kuni Respublika DSENM  bosh vrachi vazifasida ishlab turgan Qurbonov Diyor Biznes kompaniyasi faoliyatini tekshirishga buyruq bergan.

10 aprel kuni Respublika DSENM rahbari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining xatiga asoslanib, tekshiruv natijasiga ko‘ra, «Molochnaya kuxnya» faoliyatini to‘xtatishga qaror qilgan. 

Kun.uz muxbirlari kompaniya ishlab chiqarish sexida bo‘lib, ish faoliyat bilan tanishdi. DSENM qarorida ta'kidlangan ayrim ayblovlar esa ko‘zga tashlanmadi.  

Tadbirkorning o‘zi tekshiruv haqida shunday deydi: «Tadbirkorlar huquqlarini himoya qiluvchi Ombudsmanning o‘zi faoliyatimizni tekshirishga ruxsat bergani bizni ajablantirdi. DSENM (davlat san-epidem nazorat markazi - tahr.) vakillaridan ham so‘radik: nega ogohlantirmasdan tekshiruv boshlandi? Tuman va shahar DSENM darajasida nazorat bo‘la turib, dabdurustdan nega respublikadan kelishdi? Kimdir mahsulotlarimizdan ziyon ko‘rdimi? Nega shu darajada yuqori organ harakatga tushdi?

Ular tekshiruvni o‘tkazib, nimadir kamchilik topishga majbur bo‘lganini sezdirib qo‘yishdi: ularga tepadan rahbariyat korxonamizni yopishni buyurganini aytishdi» .

Diyor Biznes kompaniyasi ishlab chiqarish sexi Toshkent vaksina va zardoblar ishlab chiqarish ilmiy tekshirish institutiga yaqin joylashgani, institutda mikrobiologik, bakteriologik va immunobiologik preparatlar tayyorlangani ma'lum qilindi. 

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining DSENMga ma'lum qilishicha, institutda Bekket o‘rasi va mufel pechlari mavjud. 

Bosh vrach Bahrom Almatovning aytishicha, ilmiy asoslangan xulosa va laboratoriya natijalari bo‘lmay, korxona hududiga yaqin joyda Bekket o‘rasi mavjudligi taxmin qilingan, shu asos bilan korxona faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan. 

Bahrom Almatov

O‘rada laboratoriya sinovlarida ishlatilgan hayvonlar tanasi yo‘q qilinadi. Ammo uning ziyoni ham, atrof-muhitga ta'siri ham o‘rganilmagan, chunki uning mavjudligi ham rasman isbotlanmagan. 

Almatovning ta'kidlashicha, markaz faqat korxona faoliyatiga teginib, unga tutash aholi xonadon va maishiy bino egalari ogohlantirilmagan. Gap shundaki, DSENM vakillari avvalo, Toshkent vaksina va zardoblar ishlab chiqarish ilmiy tekshirish institutining xususiylashtirilgan maydonlariga qiziqmoqda. Qizig‘i, Respublika DSENM rahbari ham «ismi-sharifi noma'lum rahbariyat» topshirig‘iga ko‘ra harakatlanayotganini aytmoqda. 

Tadbirkorning ta'kidlashicha, ushbu maydonning xususiylashtirilishi borasida juda ko‘p nizolar bo‘lgan. Besh yil avval boshlangan sud ishlari 2018 yildagina o‘z nihoyasiga yetib, tadbirkor o‘z mulkini saqlab qolgandi. 

Biz Bekket o‘rasi mavjud, deya ta'kidlanayotgan hududni borib ko‘rdik. U yerda Bekket o‘rasi uchun tashkil etilgan beton qoplama va gidroizolyatsiyalangan quduqni topolmadik. Shuningdek, xavfli hudud deya ko‘rilayotgan institut begonalar uchun yopib qo‘yilmagan, uning atrofida ogohlantiruvchi belgi ham yo‘q.

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: