Saakashvili Ukraina hududiga kirishiga taqiqning bekor qilinishini so‘radi

Jahon 09:21 / 22.04.2019 14488

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili Ukrainaga kirishiga taqiqning bekor qilinishiga erishmoqchiligini ma'lum qildi.   

“Men Ukrainaning oddiy fuqarosi sifatida bu katta islohotlarning bir qismi bo‘lmoqchiman. O‘zimning ona Gruziyam kabi yaxshi ko‘radigan davlatdan meni haydab chiqarishlari adolatsizlikdir”, deb aytgan Saakashvili.

Siyosatchining aytishicha, u taqiqning olinishi bo‘yicha Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Gritsakka murojaat qilgan. U, shuningdek, 22 aprelga Ukrainaga chipta olib qo‘yganini qo‘shimcha qilgan. 

“Menda chipta bor, biroq Kiyevga uchib kelib, o‘zimni sudda himoyalashim uchun yuristim orqali Ukraina xavfsizlik xizmati rahbariga prezident Pyotr Poroshenko menga qarshi kiritgan taqiqning olinishini so‘rab murojaat qildim. Men Kiyevda bo‘lishni juda istayman”, deb aytgan Saakashvili “Maksi-TV” telekanali efirida. 
 
Saakashvili Ukrainada mamlakat prezidenti saylovlarining 1-bosqichi o‘tkazilgan kunning ertasi – 1 aprelda bo‘lishni rejalashtirgandi. Uning ta'kidlashicha, u Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko saylovlarning 2-bosqichiga o‘tmasligiga ishonchi komilligi sababli shu kunga chipta olib qo‘ygan.

Avvalroq Ukraina prezidenti saylovlarida g‘olib bo‘lgan Vladimir Zelenskiy Saakashvilini “Ukraina demokratiyasining Yevropadagi himoyachisi” deb atab, agar prezident etib saylansa, unga siyosatchining yordami kerak bo‘lishini aytgan.

Ko‘proq yangiliklar: