Nazarbekda temir yo‘l uzra ko‘prik qachon quriladi: aholi ko‘p yillik va'dalar amalga oshishini kutmoqda

Jamiyat 13:50 / 22.04.2019 16777

Avtomobil allaqachon dabdaba belgisidan harakatlanish vositasiga aylanib ulgurdi. Hozir qariyb har bir xonadonda avtomobil bor. Odamlar uni asosan ishga o‘qishga, bozor-o‘charga minib borishadi.

Avtomobillar ko‘paygani sayin, yo‘llarimizning o‘tkazuvchanlik xususiyati pasayib, yo‘llarni kengaytirish, yo‘l o‘tkazuvchi ko‘priklar barpo etishga ehtiyoj tug‘ilib bormoqda. Toshkent shahrida so‘nggi yillarda ko‘plab ko‘priklar barpo etilayotganining bosh sababi ham shu — odamlarning vaqtini tejash, uzog‘ini yaqin qilish.

Mazkur maqolada Toshkent viloyati Zangiota tumani Nazarbek shaharchasi hududidagi to‘qqizta mahallada 31 mingdan ziyod aholini qiynayotgan muammo haqida hikoya qilamiz.

Video: Mover (ts-ix)

Video: Youtube

Ushbu hududdan o‘tuvchi 4R253 avtomobil yo‘li temiryo‘l bilan kesishadi. Temiryo‘ldan kuniga yuk sostavlari o‘tib turadi. Poyezd qatnovi tufayli avtomobil yo‘li shlagbaum bilan yopiladi, yo‘llar to‘siladi. Hattoki biz borgan chog‘imizda ham manyovr teplovozi yo‘lni almashtirib olishi uchun yo‘l qariyb 10 daqiqaga to‘sib qo‘yildi.

Ayniqsa, ertalab va kechqurun yo‘lning yopilishi natijasida Toshkent shahriga ishga kelayotgan va ishdan qaytayotgan aholining avtotransportlaridan iborat ulkan tirbandlik hosil bo‘ladi. Tirbandlikning bir tomoni temiryo‘l kesishmasidan Nazarbek kollejigacha 1 km masofagacha cho‘zilar ekan. Bu tomoni ham «Nazarbek» MFYdan o‘tgan yo‘llarni band etadi.

Biz bilan suhbatda hududdagi ayrim mahalla fuqarolari yig‘ini raislari, chunonchi, «Tarnov» mahalla fuqarolari yig‘ini raisi Avazxon Obidov, «Navbahor» mahalla fuqarolari yig‘ini raisi Alimjon Salimov, «To‘qimachi» mahalla fuqarolari yig‘ini raisi Olimjon Kamolov, «Nazarbek» mahalla fuqarolari yig‘ini raisi Abdubosit Yo‘ldoshev muammo chindan ham mavjudligini ta'kidlab, so‘nggi yillarda mutasaddilarga bu borada juda ko‘p bora murojaat qilishgani, lekin muammo hal bo‘lmay va'dalar berib kelinayotganini tasdiqlashdi.

«Nazarbek» mahallasi faollaridan biri Muhammadjon Yoqubov ko‘p yillardan beri shaharcha aholisini qiynab kelayotgan mazkur muammo bilan shug‘ullanmoqda, mutasaddi tashkilotlarga murojaatlar qilib kelmoqda.

Xullas, mutasaddi tashkilotlarga ko‘plab murojaatlar natijasida, yo‘ldagi qatnov sinchiklab o‘rganilgan va bu yerda ko‘prik qurish haqida xulosaga kelingan.

Biz mazkur reportaj bilan «O‘zavtoyo‘l», «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyalarining e'tiborini 30 mingdan ziyod mahalliy aholi va ushbu yo‘ldan o‘tib qaytayotgan boshqa haydovchilarning qimmatli vaqtlari behudaga sarflanmasligi uchun temiryo‘l uzra yo‘l o‘tkazish ko‘prigini qurish ishlarini tezlashtirilishini istaymiz.

Istak bitta bizniki emas, o‘ttiz ming aholi ham mutasaddilar tomonidan berilgan va'dalar bajarilishini kutib turibdi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: