Namanganda xalq avto kutubxonalari ish boshladi

Jamiyat 11:10 / 22.04.2019 2541

Namangan shahrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev belgilab bergan beshta muhim tashabbus ijrosi doirasida shahar hokimligi tomonidan – Ko‘chma xalq avto kutubxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Namangan shahar hokimligi tashabbusi bilan 120 million so‘mga xarid qilingan yangi avtobus 25 million so‘m mablag‘ evaziga jihozlanib, ko‘chma xalq avto kutubxonasiga moslashtirildi, u 200 xil nomdagi mingdan ziyod badiiy kitoblar, siyosiy, o‘quv adabiyotlari bilan ta'minlandi.  

Viloyat markazidan ancha olis hududda joylashgan «Bunyodkor» mahallasida Ko‘chma xalq avto kutubxona harakatini boshlashi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan yoshu qari, ustoz muallimlar, davlat va jamaot tashkilotlari vakillari, yozuvchi shoirlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo‘lishdi. Ko‘chma xalq avto kutubxonasi Wi-Fi internet tarmog‘iga ulangan bo‘lib, foydalanuvchilar elektron kitoblarni o‘z mobil qurilmalariga ham bemalol bepul yuklab olishlari mumkin. 

Ko‘chma xalq avto kutubxona faoliyatini aynan «Bunyodkor» mahallasidan boshlangani bejizga emas. Bu hudud ahli kitob xarid qilish uchun shahar markaziga borishi uchun 15-20 kilometr yo‘l bosishiga to‘g‘ri keladi. Shu sababdan ham Ko‘chma xalq avto kutubxona Namangan shahri markazidan uzoq va olis manzillarda joylashgan mahallalar hududida xizmat ko‘rsatadi.

Tantanali tadbirda tashkilotchilar tomonidan Ko‘chma xalq avto kutubxonasiga badiiy adabiyotlar jamlanmasi sovg‘a qilindi.

Hotam Mamadaliyev,
Muallif olgan suratlar

Ko‘proq yangiliklar: