Jambulda halok bo‘lganlarning jasadlari O‘zbekistonga olib kelindi

O‘zbekiston 11:00 / 22.04.2019 47872

20 aprel kuni Qozog‘istonning Jambul oblastida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi natijasida vafot etgan o‘zbekistonliklarning jasadlari avtobus orqali O‘zbekistonga qaytarildi.

«20 aprel kuni Jambul viloyatida ro‘y bergan YTH natijasida vafot etgan O‘zbekiston fuqarolari U.Abduxalikov, A.Kalmuratov, D.Yermekbayeva jasadlari qarindoshlari tomonidan shaxsi aniqlashtirilib, Bosh konsulxona xodimlari tomonidan rasmiylashtirilganidan so‘ng qarindoshlari hamrohligida 22 aprel kuni «Jibek Joli» – «G‘isht Ko‘prik» nazorat-o‘tkazish punkti orqali O‘zbekistonga yetkazildi», deya xabar bergan TIV matbuot xizmati O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi ma'lumotiga asoslangan holda.

21 aprel kuni Jambuldagi avariya oqibatida jabrlangan to‘qqiz nafar o‘zbekistonlik O‘zbekiston FVV samolyotida Bishkek orqali vatanga olib kelingandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Jambuldagi fojiada jabrlanganlarning har birining sog‘lig‘ini alohida nazoratga olgan.

O‘zbekistonning bir fuqarosi - Jumaniyazova Marhamat (16.08.1996 y. t.) transportda olib kelishga qarshi ko‘rsatma munosabati bilan Taraz shahar shifoxonasida shifokorlar nazorati ostida qolmoqda.

YTHda jarohat olmagan ikki fuqaro — Muhimjonov Zavodbek (21.04.1999 y. t) va Abdusatirov Islomiddin (8.01.1997 y. t.) tibbiyotchilar ko‘rigidan so‘ng yetib kelgan qarindoshlari hamrohligida Olmaotaga jo‘nagan.

20 aprel tongida Qozog‘iston janubidagi Jambul oblastining Qorday tumani hududida 49 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan reys avtobusi ishtirokidagi YTHda 11 kishi, jumladan 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi va 8 nafar Qozog‘iston fuqarosi hayotdan ko‘z yumdi, 30 kishi jarohatlandi.

Bu fojiadan keyin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan hukumat komissiyasi tuzilib, unga jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish vazifasi topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: