Shri-Lankada terakt tashkilotchiligida gumonlanuvchilarni qo‘lga olish boshlandi

Jahon 17:00 / 21.04.2019 10815

Yakshanba kuni Shri-Lankadagi shaharlarda sodir etilgan teraktlar to‘lqini radikal kuchlar tashkiloti - National Thowheeth Jama'ath (NTJ) tomonidan tashkillashtirilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda AFP huquq-tartibot organlariga asoslangan xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 10 kun muqaddam Shri-Lanka politsiyasi boshlig‘i Pudjut Jayasundaraga terrorchi-xudkushlar cherkovlarga hujum qilishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirilgan. Bu haqdagi ma'lumot nomi oshkor etilmagan «xorij razvedka xizmati» tomonidan kelib tushgan. Qayd etilishicha, portlashlarning kamida ikkitasi xudkush tomonidan sodir etilgan.

NTJ - Shri-Lankada faoliyat yurituvchi radikal guruh bo‘lib, bu guruh a'zolari o‘tgan yili mamlakatdagi budda haykallarni vayron qilgandi. Shundan keyin ushbu guruh faoliyati sustlashgandi.

Mamlakat hukumati quruqlikdagi armiya qo‘mondonligi, shuningdek, harbiy-havo kuchlari va flot qo‘mondonligi ishtirokida shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgan.

Straits Times xabariga ko‘ra, hukumat terakt tashkilotchilarini aniqlagan.

«Ayni vaqtda tekshiruv ishlariga politsiya xodimlari va harbiy xizmatchilar jalb etilgan. Bu teraktlar ortida turgan barcha shaxslarni imkon qadar tezroq javobgarlikka tortish uchun ish olib bormoqdamiz. Ularning shaxsi aniqlangan», degan Shri-Lanka Mudofaa vaziri Ruvan Viyevarden.

Ayni vaqtda huquq-tartibot organlari xodimlari shaharlarda reydlar o‘tkazmoqda. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, teraktga aloqadorlikda gumon qilingan 7 kishi qo‘lga olingan. Hozircha ular qaysi guruhga mansubligi ma'lum qilinmadi.

21 aprel kuni tongida Shri-Lankada ketma-ket 6ta portlash yuz berdi. Poytaxt Kolombo shahri markazidagi uchta mehmonxona, katolik cherkovida hamda poytaxt yaqinidagi Negombo va Battikaloa shahridagi cherkovlarda portlashlar sodir etilgan. Cherkovlarda bu vaqtda Pasxa bayrami munosabati bilan ibodatlar davom etayotgan edi.

Ko‘p o‘tmay mamlakatda yana ikki portlash sodir etildi. Politsiya Kolomboda xudkush o‘zini portlatganini ma'lum qildi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, portlashlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 190 nafarni tashkil qilmoqda. Shuningdek, 500 nafarga yaqin kishi jarohatlangan.

Ko‘proq yangiliklar: