«MYu» va «Tottenhem» ortidan «Arsenal» ham mag‘lubiyatga uchradi

Sport 22:44 / 21.04.2019 9891

«Arsenal» Premer-ligadagi oxirgi uchta o‘yinidan ikkitasida mag‘lubiyatga uchradi. Bugun 35-tur doirasida «Kristal Pelas»ni qabul qilgan «to‘pchilar» 2:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi.

Hisob 17-daqiqada mehmonlar tomonidan ochildi: jamoa sardori Luka Milivoyyevich jarimadan uzatib bergan to‘pni hujumchi Kristian Benteke boshi bilan Leno darvozasiga joylab qo‘ydi. Bu gol birinchi taymda yagonaligicha qoldi.

Maydon egalari tanaffusdan keyin darhol hisobni tenglashtirishdi: jarima maydoni ichida Aleksandr Lyakazettdan to‘pni qabul qilib olgan Mesut O‘zil o‘tkir burchak ostida darvozani aniq nishonga oldi. 61- va 69-daqiqalarda «Kristal Pelas» a'zolari Uilfrid Zaxa hamda Jyeyms MakArtur mehmonlarni yana hisobda oldinga olib chiqdi. Ularning gollariga «to‘pchilar» faqat bir marta, 77-daqiqada Per-Emerik Obameyangning goli bilan javob qaytara olishdi. Yakuniy hisob – 2:3.

«Arsenal» ikki hafta oldin Londonning boshqa bir klubi «Everton»ga yutqazgan edi. Jamoa oxirgi uch o‘yinda ikki marta yutqazgan bo‘lsa-da, ta'qibchilari «Chelsi» va «Manchester Yunayted» ham ochko yo‘qotayotgani evaziga to‘rtinchi o‘rnini saqlab turibdi. Boz ustiga, uchinchi o‘rindagi «Tottenhem» ham bu turda «Manchester Siti»ga yutqazgani hisobiga «shporlar» va «bombardirlar» orasidagi farq 1 ochkoligicha qoldi. 

35-turning yakunlovchi o‘yini ertaga «Stemford Brij»da «Chelsi» va «Bernli» o‘rtasida kechadi. «Ko‘klar» bu o‘yinda g‘alaba qozonishsa, bir necha haftadan buyon teng ochkoga ega bo‘lib borayotgan hamshaharlari «Arsenal»dan ham, 3-pog‘onadagi «Tottenhem»dan ham o‘zib ketishadi.

Angliya chempionati, 35-tur
Arsenal – Kristal Pelas 2:3 (0:1, 2:2)
Gollar: 0:1 – 17 Benteke, 1:1 – 47 Ozil, 1:2 – 61 Zaa, 1:3 – 69 Makartur, 2:3 – 77 Obameyang.
Arsenal – Leno, Djyenkinson (Meytlend-Naylz, 46), Mustafi, Mavropanos (Ivobi, 46), Kolashinats, El-Nenni (Torreyra, 68), Genduzi, Ozil, Koselni, Obameyang, Lyakazett.
Kristal Pelas –    Guaita, Uan-Bissaka, Uord, Denn, Kelli, Milivoyevich, Mayyer (Taunsend, 80), Kuyate, Makartur, Zaa, Benteke (Ayyu, 78).
Ogohlantirishlar: Mavropanos (16), Ozil (63), Genduzi (68), Uord (81), Mustafi (85).

Ko‘proq yangiliklar: