Ko‘zi ojiz yaponiyalik Tinch okeanini yaxtada kesib o‘tdi

Jahon 08:56 / 21.04.2019 4317

16 yoshida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan yaponiyalik Mitsuxiro Ivamoto Tinch okeanini 12 metrlik Dream Weaver yaxtasida suzib o‘tdi. Unga amerikalik Duglas Smit assistentlik qilgan, ammo yaxtani boshqarishda yordam bermagan.

Ivamoto ko‘zi ko‘ruvchi shturman yordamida buni amalga oshira olgan birinchi ko‘zi ojiz inson bo‘ldi.

24 fevralda yaxta AQShning San-Diyego portidan yo‘lga chiqib, deyarli 2 oydan keyin – 20 aprelda Yaponiyaning Fukusima prefekturasidagi Ivaki portiga yetib kelgan. 

“Men taslim bo‘lmadim va orzuimni ro‘yobga chiqardim. Men dunyodagi eng baxtli insonman”, deb aytgan Ivamoto.

Gap shundaki, bu Ivamotoning 2-urinishi bo‘ldi – u ilk urinishni 2013 yilda amalga oshirgan, biroq o‘shanda kema suzishga chiqqandan bir necha kun o‘tib cho‘kib ketgan. U 2018 yilda o‘z sayohati uchun GoFundMe orqali mablag‘ yig‘a boshlagan. Yaponiyalik to‘plangan pullarni ko‘rlikka olib keluvchi kasalliklarni tadqiq qilish uchun xayriya qilishga va'da bergan.

Ko‘proq yangiliklar: